Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida ma’lum bir belgilangan davrlarda aholini ro‘yxatga olib boradi. Ko‘pchilik mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.
Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O‘zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri 1897- yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi ro‘yxatga olingan. Ushbu tadbir so‘nggi bor 1989 yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015- yil 10- iyunda “2020- yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko‘ra, BMTga a’zo davlatlar mazkur 10 yillik raundda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yildi. Hozirda MDH mamlakatlarining aksariyatida aholini ro‘yxatga olish ishlari yakunlandi.
O‘zbekistonda ham aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Bunga 2020- yil 16- mart kuni qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bu borada huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xo‘sh, respublikamizda aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?
Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, yashash sharoitlari, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.
Binobarin, mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi.
O‘z navbatida, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi. Bundan tashqari,yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.
Chunonchi, aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’lumotlar nihoyatda qo‘l keladi.
Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijasida Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yuzaga keladi.
Amaldagi joriy hisobga ko‘ra, 2023- yilning 1- yanvar holatiga respublikamiz doimiy aholisi soni 36 024,9 ming kishini tashkil etib, shundan shahar aholisi soni 18 335,7 ming kishini, qishloq aholisi soni 17 689,2 ming kishini tashkil etdi. Jami aholimizning 50,3 foizini erkaklar, 49,7 foizini esa ayollar tashkil etdi.
Mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholi daromadlarini oshirish va ularga munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan bir paytda, aholining joriy hisobi bo‘yicha mavjud ma’lumotlar aholi soni, yashash sharoiti, ma’lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar to‘g‘risida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti.
Shuning uchun ham Prezidentimizning tegishli Farmonlari va Hukumat qarorlariga muvofiq respublikamizda aholini ro‘yxatga olishga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Aholini ro‘yxatga olishni yana bir jihati bilan muhim. Unga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarida hududlarning xaritalari yangilanadi, mahallalarda mavjud nomlanmagan ko‘chalar nomlanadi, aholi punktlaridagi aholi yashayotgan turar va noturar joylar ro‘yxati tuzib chiqiladi, raqamlanmagan xonadonlar raqamlashtiriladi.
Yanayam aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obektlarini qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.
Aholini ro‘yxatga olishni xalqaro andozalarga mos ravishda yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik bo‘yicha jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda aholini ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda hududlarning xaritalarini yangilash, turar va noturar joylarning aniq sonini tuzib chiqish masalalari bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.