Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2022- yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmon asosida Aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish Konsepsiyasi tasdiqlandi.
Mazkur Konsepsiyaga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, keng muhokama va huquqiy ekspertizalardan soʻng 2020- yil 16-mart kuni qabul qilindi.
Qonun 5 bob, 31 moddadan iborat boʻlib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini roʻyxatga olishning vazifalari va prinsiplari yoritib berilgan. Asosiy prinsiplardan biri sifatida davriylik prinsipi, yaʼni aholini roʻyxatga olish oʻn yilda kamida bir marta oʻtkazilishi hamda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qoʻyilgan.
Yana bir muhim prinsiplardan biri, bu shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi boʻlib, bunda aholini roʻyxatga olish jarayonida yigʻilgan shaxsga doir maʼlumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatil-masligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, yaʼni respondentlar – aholini roʻyxatga olish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hisoblanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini roʻyxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi yoritib oʻtilgan.
Shuningdek, Qonunda, aholini roʻyxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini roʻyxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va roʻyxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy taʼminlash asoslari belgilab berilgan.
Ayni paytda Davlat statistika tizimi xodimlari, xususan, Navoiy viloyat statistika boshqarmasi mutaxassislari tomonidan “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, aholini roʻyxatga olishning ahamiyatini tushuntirish boʻyicha axborot-targʻibot ishlari ham izchil davom ettirilyapti.
Axborot xizmati