Joriy yilning 22-oktabr kuni Navoiy shahrida “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish” tadbiriga tayyorgarlik doirasida dastlab o‘quv yig‘ilishi o‘tkazilib, unda ro‘yxatga olish jarayonining asosiy bosqichlari, so‘rovnomalarni to‘ldirish tartibi hamda axborot tizimlaridan foydalanish masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Mazkur yig‘ilishdan so‘ng olingan nazariy bilimlar amaliyotda sinov tariqasida qo‘llanildi. Xususan, mahalla yettiligi a’zolari ishtirokida aholi xonadonlariga chiqqan holda, ro‘yxatga olishga oid elektron so‘rovnomalarni to‘ldirish, savollarga to‘g‘ri va aniq javob olish hamda jarayonda axborot tizimlaridan samarali foydalanish ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida ro‘yxatga olish jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan holatlar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar berilib, amaliy misollar asosida o‘rganildi.
Bunday bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar ro‘yxatga olish tadbirlarini sifatli, xatolarsiz va samarali amalga oshirish, shuningdek, ishtirokchilarning amaliy tajribasini oshirishga xizmat qilmoqda.