Joriy yilning 15-oktabr kuni Navoiy viloyati statistika boshqarmasida “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda Milliy statistika qo‘mitasi mas’ul xodimlari, viloyat statistika boshqarmasi rahbar va mutaxassislari, Mahalla uyushmasi vakillari hamda Navoiy davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Shuningdek, hududiy statistika bo‘limlari xodimlari Zoom platformasi orqali onlayn tarzda seminarda qatnashdi.
Muloqot davomida ishtirokchilarga roʻyxatga olish maʼlumotlari sifati va ishonchliligini taʼminlash, axborot tizimlaridan samarali foydalanish hamda soʻrovnomalarni toʻldirish bo‘yicha amaliy koʻrsatmalar berildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ro‘yxatga olish natijalari mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lib, milliy rivojlanish maqsadlarini baholash, xalqaro reytinglarda o‘rinni yuksaltirish, investorlarni jalb etish va turizm salohiyatini oshirishda asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Eng asosiysi, ro‘yxatga olish jarayoni har bir fuqaroning farovon turmushini ta’minlash, ijtimoiy dasturlarni yanada samarali rejalashtirishga xizmat qiladigan muhim jarayon ekanligi alohida ta’kidlandi.