06/12/2024

Hozirgi tahlikali dunyoda izchil iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, makroiqtisodiy barqarorlikka erishish orqali aholi faravonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish masalasi oldimizda turgan eng asosiy masala hisoblandi.

Yangi Oʻzbekiston siyosatida iqtisodiyot – inson manfaati va uning faravonligini taʼminlashga xizmat qilmogʻi darkor. Chunki oila faravonligi, turmush darajasining yuqoriligi, dasturxonlarimizning toʻkinligi hayotimizning asl mazmunini tashkil qiladi.

 (Sh.M.Mirziyoyev)

 

Mamlakatimizning har bir hududi oʻziga xos. Bir viloyat ichidagi tumanlarning imkoniyatlari ham bir-biriga oʻxshamaydi. Shu bois hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish masalalari alohida, manzilli tarzda muhokama qilib borilmoqda. Davlatimiz rahbari joylarga chiqib, aholi bilan gaplashib, belgilanayotgan chora-tadbirlarning dolzarb va amaliy boʻlishiga katta eʼtibor qaratmoqda. Dasturlar ishlab chiqishni har bir qishloqdan boshlash, qaysi qishloqda qaysi yoʻnalishni rivojlantirish, bunga qancha mablagʻ ajratish kerakligini aniq koʻrsatish talab etiladi. Aholi faravonligini oshirishga qaratilgan ushbu ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning turli darajadagi qisqa va uzoq muddatli manzilli dasturlarini ishlab chiqish uchun zarur boʻladigan ishonchli axborot bilan taʼminlashda aholini roʻyxatga olish tadbirining ahamiyati juda katta.

Inson kapitali mamlakat ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyotini eng muhim mezoni hisoblanadi. Aholini roʻyxatga olish natijasida har bir hudud kesimida maʼlum bir sanadagi aholining aniq soni (yoshi va jinsi tarkibi, fuqaroligi, milliy tarkibi (keng qamrovli), oilaviy ahvoli, maʼlumot darajasi, uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi, mehnat resurslari, iqtisodiy faol aholi, aholi bandligi (kasbi va mutaxassisligi) va ishsizligi, daromad olish manbalari, aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi  haqida aniq maʼlumotlar shakllanadi.

Oʻzbekistonda aholini roʻyxatga olish mamlakat fuqarolariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Masalan, maktab yoshidagi bolalar soni haqidagi maʼlumotlar maktab qurish boʻyicha rejalarni muvofiqlashtirishga yordam beradi. Hududlar kesimida qayerda va qaysi sohada yangi ish oʻrinlariga ehtiyoj mavjudligi, qanday mutaxassislar kerakligini bilish uchun ishsizlar soni va ularning malaka darajasini bilish lozim. Favqulodda vaziyatlarda FVV xodimlari, shuningdek, shifokorlar aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari asosida zarur yordam koʻlamini belgilaydi.

Aholini roʻyxatga olish tadbirkorlik rivojiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Aholi soni va daromadi, uning turar-joyga boʻlgan ehtiyoji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlgan holda, masalan, maishiy texnika ishlab chiqaradigan korxonalar ishlab chiqarish hajmini prognoz qilishlari mumkin, ularni import qiluvchi kompaniyalar esa xaridlarni rejalashtirishlari va zararni minimallashtirishlari mumkin.

Aholini roʻyxatga olish makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni kelgusi 10−20 yillik davrga prognoz qilish uchun ham zarur. Statistik maʼlumotlar manzilli dasturlarni ishlab chiqish, fuqarolar salomatligini mustahkamlash, oilalarga moddiy koʻmaklashishda muhim ahamiyatga ega.

Aslida aholini roʻyxatga olish jarayoni ilk bor miloddan avvalgi III ming yillikdan boshlangan. Dastlab bu tadbir Osiyo va Afrika davlatlari, Misr, qadimgi Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyada oʻtkazilgan. Ushbu jarayon davlatlarning soliq va harbiy faoliyati hamda ularning maʼmuriy tuzilmasi vazifalari bilan bogʻliq ravishda vujudga kelgan.

Ilk oʻrta asrlarda Angliyada (1086-yil), shuningdek, Yevropaning boshqa  shaharlarida ham (Nyunberg, Strasburg, Syurrix, Florensiya) aholini hisobga olish tashkil qilingan.  Bunda xoʻjaliklarning yozma kitoblar, kadastrlardagi tavsiflari bilan uygʻunlashgan holda odamlar yoki oilalar soni emas, balki uy-joy kabi soliqqa tortish birliklari birinchi oʻringa qoʻyilgan.

XVIII asr oʻrtalaridan aholini oʻrganishga qiziqish ortadi. Avstriya, Niderlandiya, Daniya, Ispaniya, Yaponiya, AQSHda odamlar hisobini yuritishga kirishiladi. Biroq bu hisob-kitoblar butun boshli aholini qamrab ololmagan.

1665-yilda Yangi Fransiya (Kvebek) koloniyasida aholini roʻyxatga olish boʻlib oʻtdi. AQSHda 1790-yilda toʻliq aholini roʻyxatga olish ishlari olib borildi. Oʻshanda oʻn yetti nafar politsiya xodimi mamlakat boʻylab sayohat qilib, xonadonma-xonadon yurib, oltita savolga javob toʻplashdi: uy egasining toʻliq nomi, oʻn olti yosh va undan katta yoshdagi ozod oq tanli erkaklar, oʻn olti yoshdan kichik boʻlgan ozod oq tanli erkaklar, ozod oq tanli ayollar, boshqa ozod shaxslar va qullar soni.

Oʻttiz yil oʻtgach, Italiya, Ispaniya, Angliya, Irlandiya, Avstriya, Fransiyada, 1851-yilda Xitoyda, keyin Yaponiyada va nihoyat Rossiyada aholi roʻyxatga olindi. Oʻtgan asrning 70 yillarida Yaman, BAA, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda birinchi marotaba mazkur tadbir oʻtkazildi. XX asrning oxiriga kelib aholini roʻyxatga olish dunyoning deyarli barcha davlatlarni qamrab oldi. Hozirda jahonning koʻplab rivojlangan davlatlarida aholi oʻrtacha har oʻn yilda kamida bir marta roʻyxatdan oʻtkazilmoqda.

Mamlakatimizda ilk bor aholini roʻyxatga olish tadbiri 1897-yilda amalga oshirilgan. Shundan soʻng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980-yillarda aholi roʻyxatga olingan. Ushbu tadbir soʻnggi bor 1989-yilda oʻtkazilib, oʻsha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan edi.

Tabiiyki, aholining joriy hisobi boʻyicha mavjud maʼlumotlar aholi soni, yashash sharoiti, maʼlumoti, bandligi, yoshi, jinsi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik oʻziga xosliklar toʻgʻrisida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti.

Respublikamizda esa oxirgi marta aholini roʻyxatga olish ishlari amalga oshirilganiga 35 yil boʻldi. Buning natijasida aholining haqiqiy hayot tarzini oʻrganish va ularga amaliy yordam koʻrsatishda qator qiyinchiliklar vujudga keldi.

BMT 2015-yilning 10-iyunida “2020-yilda aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga koʻra, BMTga aʼzo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olishni oʻtkazishi belgilab qoʻyildi. Bugungi kunga kelib, MDH davlatlarida, shuningdek Oʻzbekistonda ham bu jarayonga tayyorgarlik ishlari boshlandi.

2020-yilning 16-mart kuni imzolangan OʻRQ-611-sonli “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonun aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat boʻlib, aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishning maqsadi, asosiy prinsiplari, tartibi, davri va muddatlarini belgilab bergan.

Qonunda belgilab berilganidek, aholini roʻyxatga olish — belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni. Bu jarayon respublika boʻylab yoki uning muayyan hududlarida 10 yilda 1-marta  oʻtkaziladi. Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklif Hukumat tomonidan Prezidentga, qoidaga koʻra, rejalashtirilayotgan sanadan 3 yil oldin kiritiladi. Umuman, bu tadbirning zamirida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ishonchli va xolis axborotni  olish maqsadi mujassamdir.

Aholini roʻyxatga olish shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish amalga oshiriladigan savollar roʻyxati belgilangan dastur boʻyicha oʻtkaziladi, unda quyidagi savollar boʻlishi shart: FIO, tugʻilgan sanasi va joyi, yoshi, jinsi, millati, fuqaroligi, yashash joyi (turgan joyi), tillarni bilishi, maʼlumoti, nikoh holati, bolalarining soni, uy xoʻjaligi tarkibi, uy-joy sharoitlari, bandligi, yashash uchun mablagʻlar manbalari, migratsiya (ichki va tashqi). Hukumat tomonidan dasturga qoʻshimcha ravishda boshqa savollar kiritilishi mumkin, biroq unga kiritilganmagan savollarni berish taqiqlanadi. Yigʻilgan barcha shaxsiy maʼlumotlar maxfiy hisoblanadi hamda respondentning roziligisiz ularni oshkor etish va tarqatishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yilning yilning 4-mart kuni imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-114-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq, respublikamizda 2025-2026-yillarda aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish belgilandi.

Bugungi kunda, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (https://regulation.adliya.uz/project) “2026-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni loyihasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish, natijalarini tahlil qilish va eʼlon qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihalari belgilangan tartibda tegishli idoralar bilan kelishish uchun eʼlon qilingan.

Loyihalarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish 2026-yilning iyul-avgust oylarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Aholini roʻyxatga olish 2 xil usulda, yaʼni Internet jahon axborot tarmogʻi orqali  hamda roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan uy-uy yurgan holda planshet qurilmalari yordamida roʻyxatga olish varagʻi shakllarini elektron toʻldirish orqali amalga oshirilishi koʻrsatib oʻtilgan.

Aholini roʻyxatga olishga koʻmaklashish maqsadida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Respublika komissiyasi hamda hududiy komissiyalar tashkil etiladi.

2024-2026-yillarda Jahon bankining imtiyozli kredit mablagʻlari hisobidan aholini roʻyxatga olish uchun zarur texnik va dasturiy vositalar xarid qilinadi.

Shuningdek, 2025-yil 1-iyuliga qadar masʼul idoralarga aholi punktlari va koʻchalar nomlari, uylar va hovlilarning toʻliq raqamlanganlik koʻrsatkichlarini oʻrnatishni yakunlash topshiriqlari koʻrsatib oʻtilgan.

Respublika miqyosida aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining xodimlari ishtirok etadi, hududlarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, materiallarni avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash, dastlabki yakunlarni sarhisob qilish va natijalarni eʼlon qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari, tumanlar va shaharlar statistika boʻlimlari xodimlari jalb etiladi.

Shuningdek, aholi roʻyxatini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish yoki bunda ishtirok etishga rozi boʻlgan taqdirda, fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida, oliy va oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari va yuqori kurs talabalari, umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari ham ushbu jarayonda ishtirok etishi mumkin. Ular orasidan roʻyxatga olish uchastkalari xodimlari, instruktorlar va roʻyxatga oluvchilarni tanlab olish tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan Statistika agentligining hududiy organlari bilan birgalikda shartnoma asosida tashkil etiladi. Vaqtinchalik jalb etiladigan xodimlarga ismlari yozilgan nishonlar (guvohnomalar) beriladi. Bunda xodimning yashash joyi tekshirilayotgan aholi punktiga qatnash uchun qulay boʻlishi kerak. Shuningdek, aholini roʻyxatga oluvchilar uchun uslubiy qoʻllanmalar va video darsliklar ishlab chiqiladi hamda qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etiladi.

Aholini roʻyxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar roʻyxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini oʻtab boʻlgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarini qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin boʻladi, yaʼni respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi. Shu tarzda vujudga kelgan yagona  maʼlumotlar bazasi mamlakatimiz kelajagi, aholi turmush farovonligini oshirish uchun qabul qilinadigan hujjatlarda dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech