Joriy yilning 15-avgust kuni Davlat statistika qo‘mitasida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunining mazmun-mohiyatiga bag’ishlangan seminar tashkil etildi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vakillari Raxmanov Akmal Ergashevich hamda Umaralivey Sarvar Rustamovich hamda qo‘mita rahbariyati, markaziy apparati xodimlari qatnashdi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vakili Raxmanov Akmal Ergashevich “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan amaliyotga joriy etilayotgan o‘zgarishlar, xususan, davlat xizmatchilarining huquq va majburiyatlari yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Qonunga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
– Davlat fuqarolik xizmati tizimining yagonaligi va barqarorligi;
– qonuniylik;
– adolatlilik;
– xalqqa xizmat qilish;
– davlat organlarining va mansabdor shaxslarining jamiyat hamda fuqarolar oldida mas’ulligi;
– inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
– ochiqlik va shaffoflik;
– xolislik, professionallik va kompetentlik;
– davlat fuqarolik xizmatiga kirishda O‘zbekiston fuqarolarining teng huquqliligi;
– davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi.
Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatchisi quyidagi huquqlarga ega bo‘lmoqda:
– o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning o‘ziga xos xususiyati va murakkabligiga, bajarilgan ishlarning miqdori hamda sifatiga muvofiq o‘z vaqtida va to‘liq hajmda ish haqi olish;
- kasbiy kompetensiyalari va alohida xizmatlari uchun rag‘batlantirish;
- davlat organining mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan muntazam ravishda malakasini oshirib borish;
- mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hamda shartlarda mehnat shartnomasiga o‘zgartishlar kiritish va shartnomani bekor qilish;
- o‘z mansab vakolatlarini, xizmat majburiyatlarini va javobgarligini belgilovchi lavozim yo‘riqnomasi va boshqa hujjatlar bilan tanishish;
- mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiq bo‘lgan ish o‘rniga ega bo‘lish;
- davlat organi rahbariyatining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish;
- DFXdagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlari to‘g‘risida xabar bergan taqdirda davlat himoyasi bilan ta’minlanish;
- o‘zining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat organining rahbariyati hamda boshqa mansabdor shaxslar tomonidan hurmat qilinishi.
Seminar so‘nggida qo‘mita xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob olishdi.