2022-yil 5-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Raisining “Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan statistik maʼlumotlarni toʻgʻri yuritish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati” mavzusida eshituv boʻlib oʻtdi.
Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Davlat statistika qoʻmitasi rahbariyati va markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur yig'ilishda Davlat statistika qoʻmitasi Raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich sohani isloh qilish, amaliyotga xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy etish, eng asosiysi, statistik maʼlumotlarning ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini taʼminlashning huquqiy asoslari yaratib berilgani borasida toʻxtalib oʻtdi.
Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan statistika sohasiga doir qabul qilingan soʻnggi qaror va farmonlar hamda “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi qonunda statistika sohasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan qator muhim vazifalar hamda ularning huquqiy asoslari belgilab berildi.
Yangi qonun bilan milliy statistika tizimi tashkil etilib, uning tarkibiga statistika organlari bilan bir qatorda rasmiy statistika masalalari doirasida boshqa rasmiy statistikani tayyorlovchi va tarqatuvchi davlat boshqaruvi organlari ham kiritildi.
Xususan, yangi qonunda milliy statistika tizimi subyektlari sifatida rasmiy statistika maʼlumotlarini tayyorlashda bevosita ishtirok etuvchi 30 dan ziyod davlat boshqaruvi organlarining huquq, vazifa va majburiyatlari aniq belgilab qoʻyilgan.
Davlat statistika qoʻmitasiga boshqa rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika uslubiyatlarini xalqaro tavsiyalarga muvofiqligi nuqtai-nazaridan auditdan oʻtkazish vakolati qonun bilan mustahkamlandi.
Shundan kelib chiqib, 2021-yilda Davlat bojxona qoʻmitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Markaziy bank va Ichki ishlar vazirligida statistika uslubiyatini xalqaro tavsiyalarga muvofiqligi yuzasidan auditdan oʻtkazildi. 2022-yilda Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasida ham auditdan oʻtkazish rejasi belgilangan.
2021-yilda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligida statistika uslubiyatini xalqaro tavsiyalarga muvofiqligi yuzasidan texnik-uslubiy ekspertizadan oʻtkazildi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, tizim muammolarini yechish, jumladan statistik maʼlumotlar haqqoniyligi, ishonchliligi va ochiqligini taʼminlash hamda rivojlanish istiqbolini ilmiy asoslangan holda belgilab berish, xodimlarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida, qoʻmita huzuridagi Institut qoshida “Ekonometrika va statistika” hamda “Iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari” ixtisosliklari boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish borasida “Ilmiy kengash” tuzildi. Mazkur kengashning asosiy maqsadi, statistika sohasiga oid ilmiy ishlar va izlanishlarni tizimli ravishda muvofiqlashtirib borish, bu boradagi ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, zamon talabiga javob beradigan yetuk olimlarni yetishtirishga qaratilgan.
Yig'ilishda Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan xalqaro hamkorlik va axborot almashinuvi masalalariga oid amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar borasida maʼlumot berildi.
Qayd etilishicha, 9 ta xalqaro tashkilot bilan sohani rivojlantirishga oid hamkorlikdagi tadbirlar, 11 ta mamlakat statistika idoralari va 4 ta xalqaro tashkilot bilan hamkorlik, 16 ta xalqaro tashkilotning 46 ta savolnomasi boʻyicha oʻzaro axborot almashinuvi hamda Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Kengaytirilgan maʼlumotlarni tarqatish umumiy tizimi (k –MTUT) doirasida 24 ta kategoriya boʻyicha 422 ta indikator maʼlumotlari muntazam yangilanib borilmoqda.
Yig'ilish davomida Davlat statistika qoʻmitasi raisi senatorlarga yurtimizda ilk bora oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan “Aholini roʻyxatga olish” va “Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish” tadbirlarini Internet orqali hamda planshetlar yordamida oʻtkazish uchun zarur axborot tizimi ishlab chiqilgani va hozirda yakuniy sinov ishlari olib borilayotgani borasida ham axborot berib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida oʻtgan mazkur yig'ilishda Davlat statistika qoʻmitasi Raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich qoʻmita faoliyatiga doir boshqa masalalar bilan birgalikda xalqaro reytinglardagi natijalarga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, Londondagi Ochiq maʼlumotlar Instituti (ODI) baholash tizimi boʻyicha Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy veb-sayti (stat.uz) eng yuqori –"Platina" (PLATINUM) darajaga erishgan. Oʻzbekiston Respublikasi Open Data Inventory (ODIN) ochiq maʼlumotlar reytingida 63 ballni toʻplagan holda 125 pogʻonaga koʻtarilib, dunyoda 44-oʻrinni hamda Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni egallagani, Global maʼlumotlar barometri (The Global Data Barometer - GDB) baholashiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi 32 ball toʻplab, 58-oʻrinni egallagani hamda 2020-yil yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Jahon bankining statistik salohiyat indeksida 67,8 ball toʻplagan holda reytingda 61-oʻrinni egallab, 2016-yilgi hisobotga nisbatan 62 pogʻonaga, 2019-yilgi hisobotga nisbatan 16 pogʻonaga koʻtarilgani va boshqa reytinglar borasida batafsil toʻxtalib oʻtdi.
Yakunda Oliy Majlis Senati aʼzolari va jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga Davlat statistika qoʻmitasi Raisi va mutaxassislari atroflicha javob berib oʻtdi.
stat.uz