2020- yilning 1- iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda statistika tizimini rivojlantirish, sohada mutaxassis-kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan alohida vazifalar berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida memorandum imzolanib, universitetda “Statistika ilmiy-amaliy laboratoriyasi” ochilgan edi. Unda turli amaliy ahamiyatga ega
bo‘lgan tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Joriy yilning 17- fevral kuni Davlat statistika qoʻmitasi Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig’i Aziz Mamirov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari uchun “Yalpi ichki mahsulot koʻrsatkichini hisoblash metodologiyasi va amaliyoti” mavzusida amaliy mahorat darsi o‘tkazdi. Bundan ko‘zlangan maqsad statistika organlari tomonidan shakllantiriladigan va eʼlon qilib boriladigan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni hisoblash tartibi va usullari boʻyicha talabalarning bilim va koʻnikmalarini oshirishdan iborat.
Mahorat darsi davomida YaIM koʻrsatkichi haqida umumiy tushuncha va uni hisoblash usullari, Oʻzbekistonda YaIMni hisoblash tajribasi, YaIMni hisoblash metodologiyasini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari, Oʻzbekistonning YaIM koʻrsatkichlari tahlili yuzasidan muhokamalar oʻtkazildi.
Bugungi kunda talabalar, magistrlar, ilmiy tadqiqotchilar, umuman olganda, oliy taʼlim muassasalari statistika organlari tomondan tayyorlanadigan statistika axborotlarining asosiy foydalanuvchilari hisoblanadi. Bu uchrashuv statistik axborotlarning foydaluvchilar uchun tushunarli va shaffof boʻlishini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Bu kabi amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan mahorat darslari doimiy tarzda davom ettirilishi yo‘lga qo‘yilgan. Boisi, mazkur mahorat darslarida talabalar va ilmiy izlanuvchilar statistika sohasiga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishadi hamda statistik ko‘rsatkichlarning qanday shakllantirilishi borasida amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
stat.uz