13/04/2023

Aslida aholini roʻyxatga olish jarayoni ilk bor miloddan avvalgi III ming yillikdan boshlangan. Dastlab bu tadbir Osiyo va Afrika davlatlari, Misr, qadimgi Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyada oʻtkazilgan. Ushbu jarayon davlatlarning soliq va harbiy faoliyati hamda ularning maʼmuriy tuzilmasi vazifalari bilan bogʻliq ravishda vujudga kelgan.

Ilk oʻrta asrlarda Angliyada (1086-yil), shuningdek, Yevropaning boshqa  shaharlarida ham (Nyunberg, Strasburg, Syurrix, Florensiya) aholini hisobga olish tashkil qilingan.  Bunda xoʻjaliklarning yozma kitoblar, kadastrlardagi tavsiflari bilan uygʻunlashgan holda odamlar yoki oilalar soni emas, balki uy-joy kabi soliqqa tortish birliklari birinchi oʻringa qoʻyilgan.

XVIII asr oʻrtalaridan aholini oʻrganishga qiziqish ortadi. Avstriya, Niderlandiya, Daniya, Ispaniya, Yaponiya, AQSHda odamlar hisobini yuritishga kirishiladi. Biroq bu hisob-kitoblar butun boshli aholini qamrab ololmagan.

1665-yilda Yangi Fransiya (Kvebek) koloniyasida aholini roʻyxatga olish boʻlib oʻtdi. AQSHda 1790-yilda toʻliq aholini roʻyxatga olish ishlari olib borildi. Oʻshanda oʻn yetti nafar politsiya xodimi mamlakat boʻylab sayohat qilib, xonadonma-xonadon yurib, oltita savolga javob toʻplashdi: uy egasining toʻliq nomi, oʻn olti yosh va undan katta yoshdagi ozod oq tanli erkaklar, oʻn olti yoshdan kichik boʻlgan ozod oq tanli erkaklar, ozod oq tanli ayollar, boshqa ozod shaxslar va qullar soni.

Oʻttiz yil oʻtgach, Italiya, Ispaniya, Angliya, Irlandiya, Avstriya, Fransiyada, 1851-yilda Xitoyda, keyin Yaponiyada va nihoyat Rossiyada aholi roʻyxatga olindi. Oʻtgan asrning 70-yillarida Yaman, BAA, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda birinchi marotaba mazkur tadbir oʻtkazildi. XX asrning oxiriga kelib aholini roʻyxatga olish dunyoning deyarli barcha davlatlarni qamrab oldi. Hozirda jahonning koʻplab rivojlangan davlatlarida aholi oʻrtacha har oʻn yilda kamida bir marta roʻyxatdan oʻtkazilmoqda.

Mamlakatimizda ilk bor aholini roʻyxatga olish tadbiri 1897-yilda amalga oshirilgan. Shundan soʻng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980-yillarda aholi roʻyxatga olingan. Ushbu tadbir soʻnggi bor 1989-yilda oʻtkazilib, oʻsha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan edi.

Respublikamizda aholini roʻyxatga olish bizga nima beradi?

Birinchidan, maʻlum bir sanada aholining aniq soni (yoshi va jinsi tarkibi, fuqaroligi, milliy tarkibi (keng qamrovli), barcha aholi punktlari boʻyicha soni, oilaviy ahvoli, maʻlumot darajasi, uy-joy bilan taʻminlanganlik darajasi, mehnat resurslari, iqtisodiy faol aholi, aholi bandligi (kasbi va mutaxassisligi) va ishsizligi, daromad olish manbalari, nogironligi boʻyicha batafsil maʻlumot olinadi.

Ikkinchidan, aholi jon boshiga makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni hisoblashda (yalpi ichki mahsulot, aholi daromadlari, sanoat mahsuloti hajmi, isteʻmol mahsulotlari hajmi, aholiga koʻrsatiladigan xizmatlar hajmi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari) ishlatiladi.

Uchinchidan, aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʻlumotlar shakllantiriladi.

Toʻrtinchidan, Respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot sifatida foydalaniladi.

Beshinchidan, statistika idoralari tomonidan tashkil etiladigan tanlama kuzatuvlarni tashkil etishda maʻlumotlar bazasi sifatida qoʻllaniladi.

Oltinchidan, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish koʻrsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritishda xizmat qiladi.

Yettinchidan, aholi punktlarining infratuzulmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish boʻyicha qisqa, oʻrtava uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda foydalaniladi.

Sakkizinchidan, Xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tomonidan amalga oshiriladigan tahlillar uchun keng qamrovli axborotlar manbai hisoblanadi.

Bunday maʻlumotlar ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni prognoz qilish, bandlik sohasidagi siyosatni belgilash, ijtimoiy siyosat va aholi salomatligi boʻyicha dasturlarni yaratishda, shuningdek davlat hokimiyati organlarining vazifalarini bajarishi, fan va jamiyatni axborot bilan taʻminlash uchun zarurdir.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech