31/03/2022

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 710-sonli qaroriga muvofiq,  2023-yilda aholini roʻyxatga olish amalga oshiriladi.
Xususan, 2023-yilning 1-5-noyabr kunlarida, yaʼni 5 kun davomida fuqarolarimiz internet jahon axborot tarmogʻi orqali oʻzi va oila aʼzolarini roʻyxatga olish imkoniyatidan foydalanib, roʻyxatdan oʻtishlari mumkin boʻladi.

6 — 10-noyabr kunlari esa internet jahon axborot tarmogʻi orqali roʻyxatdan oʻtgan respondentlar va ularning uy manzillari roʻyxatini shakllantirilib, joylardagi roʻyxatga olish uchastkalariga yetkaziladi. 

 11 — 22-noyabr kunlari, yaʼni 11 kun davomida internet orqali roʻyxatdan oʻtmagan aholini roʻyxatga olish varagʻi shakllari asosida roʻyxatga oluvchilar uyma-uy yurib aholini roʻyxatga olishni amalga oshiradi.

 Shuningdek, respondent yashab turgan xonadonida (joyida) roʻyxatdan oʻtishni istamasa, roʻyxatga oluvchi unga instruktorlik uchastkasiga borib roʻyxatdan oʻtishni taklif etadi va uchastka manzilini beradi.

 Instruktorlik uchastkalari 2023-yil 1 — 22-noyabr kunlari respublikaning barcha hududlarida faoliyat yuritadi.

 Roʻyxatga olish uchastkasi xodimlari, instruktorlar va roʻyxatga oluvchilar belgilangan tartibda maxsus guvohnoma, sumka, roʻyxatga olish varagʻi shakllari va kanselyariya buyumlari bilan taʼminlanadi.

Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishda roʻyxatga oluvchi xodimlar soʻrov oʻtkazishdan oldin oʻzini tanishtirishi, respondentga oʻz guvohnomasini koʻrsatishi, tashrif maqsadini tushuntirishi, shuningdek, roʻyxatga olishda ishtirok etishning muhimligi, respondentlarning shaxsga doir maʼlumotlari maxfiyligi taʼminlanishi va soʻrov taxminan qancha vaqt davom etishi toʻgʻrisida maʼlumot berishi lozim.

Shu bilan birga, roʻyxatga oluvchilar xushmuomala boʻlishlari, fuqarolarning hayoti, sogʻligi va mol-mulkiga xavf solmasligi, statistika organlari obroʻsiga putur yetkazadigan harakatlardan saqlanishi, shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashi va ularning mazmunini oshkor qilmasligi, oʻz vakolatlariga muvofiq ishlarni toʻliq, sifatli va belgilangan muddatlarda bajarishlari lozim boʻladi.

 Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech