Joriy yilning 3- mart kuni Toshkentdagi “Wyndham” mehmonxonasida “Oʻzbekistonda taʼlim tizimini rivojlantirishning demografik jihatlari” va “O‘zbekiston Respublikasida mehnatga layoqatli aholi sonining istiqbolda o‘zgarishi munosabati bilan mehat bozorining aktual masalalari” mavzusidagi tahliliy ishlanmalar muhokamasi bo‘yicha davra suhbati tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda BMTning Aholishunoslik jamg’armasi (UNFPA) hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida tegishli tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Mazkur davra suhbatida Davlat statistika qo‘mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich onlayn tarzda ishtirok etib, demografik holat mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida, shuningdek, ta'lim, mehnat bozori, bandlik va ishsizlik sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda muhim rol o'ynashini ta’kidladi.
2021-yilda mamlakatimizda doimiy aholi sonining o'sishi 712,4 ming kishini yoki 2,1% ni tashkil etdi va joriy yilning 1-yanvar holatiga ko'ra 35,3 million kishiga yetdi.
Statistik kuzatuvlar natijalari shuni ko'rsatmoqdaki, respublika aholisi har yili o'rtacha 700 ming kishiga ko'paymoqda.
Aholining asosiy qismi, ya'ni 57,6 % mehnatga layoqatli yoshdagi shaxslar, 31,2 % mehnatga layoqatli yoshdan kichik va 11,2 % mehnatga layoqatli yoshdan katta yoshdagilar hisoblanadi.
Qo‘mita rahbarining ta’kidlashicha, mazkur davra suhbatida ko‘tarilgan masalalar mamlakatimizda demografiya va mehnat bozori sohasida qisqa va uzoq muddatli dasturlarni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur davra suhbati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tog’risida”gi PF-60-sonli farmonida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
stat.uz