2021- yil 13- dekabr kuni Davlat statistika qo’mitasi rahbariyatining Jahon banki missiyasi bilan “O‘zbekistonda statistika tizimini mustahkamlash” loyihasi bo’yicha onlayn uchrashuvi bo’lib o'tdi.
Uchrashuvda, Jahon banki ishchi guruhi a’zolari – Uilyam Seitz, Chiyu Niu, Sevilya Muratova, Shuhrat Shodmonov hamda Davlat statistika qo’mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi tarmoq boshqarmalari boshliqlari ishtirok etishdi.
Missiyaning maqsadi “O‘zbekistonda statistika tizimini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirishdagi keyingi qadamlarni, harakat rejasini, shuningdek, loyiha doirasida ma'lumotlar bo‘yicha so‘rovlarni muhokama qilishdan iborat.
Eslatib o’tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ- 4796-sonli qaroriga muvofiq, Jahon banki ekspertlari ko‘magida ishlab chiqilgan “2020—2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi” tasdiqlangan edi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a'zolari loyihaning borishi, joriy vazifalari va kelgusidagi tadbirlar rejasi bilan qo‘mita raisini tanishtirdi. Loyihaning tarkibiy qismlari, xususan, institutsional islohotlar va salohiyatni rivojlantirish, ma’lumotlarni tayyorlash, texnik imkoniyatlarni takomillashtirish, shuningdek, loyihani boshqarish masalalari ko’rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar mazkur loyiha doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv iliq va do‘stona ruhda o‘tdi.
stat.uz