2021- yil 22- oktabr kuni Davlat statistika qo‘mitasining Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi tomonidan Qo‘mita markaziy apparati rahbar xodimlari uchun “O‘zbekiston Respublikasida yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar: islohotlar, muammolar va ularning yechimlari” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasidan mutaxassislar taklif etildi.
Tadbirni, Davlat statistika qoʻmitasi raisi o‘rinbosari A. Ikramov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Seminarda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan yashirin iqtisodiyotni statistik baholash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, 2020- yil avgust - sentabr oylarida Qashqadaryo viloyatida, 2021- yil may-avgust oylarida Namangan viloyatida jismoniy va yuridik shaxslarni qamrab olgan holda o‘tkazilgan tanlanma kuzatuvlar yuzasidan mehmonlar va ishtirokchilarga to‘liq ma’lumot berildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida uy xoʻjaliklarida norasmiy iqtisodiyotni tahlil qilish, hududlarda soliq salohiyatini baholash masalalari hamda tegishli vazirliklar va qo‘mitalar faoliyati doirasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Seminarda ishtirokchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga batafsil javoblarni olishdi va kelgusida tegishli masalalar boʻyicha idoralararo hamkorlik toʻgʻrisida kelishib olindi.
stat.uz