Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutida Multiindikator klaster kuzatuvlarida ishtirok etuvchi intervyuer va supervayzerlar uchun trening mashg‘ulotlari boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 9- apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4273-son va 2020- yil 3- avgustdagi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4796-son qarorlari doirasida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019- yil 24- iyuldagi 625-son qaroriga muvofiq, bugungi kunda respublikamizda onalar va bolalar turmush tarzini o‘rganish yuzasidan UNICEF uslubiyotiga asosan “Multiindikator klaster kuzatuvlari” (MICS) ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda.
Mazkur kuzatuv joriy yilning oktabr oyidan 2022- yilning yanvar oyi yakuniga qadar davom etishi rejalashtirilgan.
Joylarda kuzatuvni o‘tkazishga ixtiyoriy talabgorlarni yig‘ish yuzasidan qo‘mitaning rasmiy veb-sayti orqali e’lon berilib, kelib tushgan talabnomalar bo‘yicha saralash ishlari amalga oshirildi.
Joriy yilning 19- oktabrdan boshlanib, 6- noyabr kunigacha davom etadigan Toshkent viloyati hamda Toshkent shahrida sinov tariqasida Multiindikator klaster kuzatuvlari bo‘yicha o‘quv trening va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Hozirda davom etayotgan mazkur o‘quv-seminarlarda Davlat statistika qo‘mitasi vakillari, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatorlari, xalqaro ekspertlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan tanlab olingan intervyuer va supervayzerlar ishtirok etishmoqda.
stat.uz