Bugungi kunda, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizni yana bir muhim xalqaro statistik tadbir – Birlashgan millatlar tashkilotining (BMT) “Xalqaro taqqoslash dasturi – 2021” (XTD-2021)da munosib qatnashishini ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilib kelmoqda.
Jumladan, 2017-2019 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi “Xalqaro taqqoslash dasturi – 2017” bosqichida eksperimental tartibda ishtirok etgan bo‘lsa, 2021- yildan mamlakatimiz “XTD-2021”da rasman ishtirok eta boshladi. Ushbu dastur doirasida, Davlat statistika qo‘mitasi “XTD-2021” bo‘yicha hududiy koordinator – Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) Statistika qo‘mitasi bilan izchil hamkorlikda ishlar olib bormoqda.
2021- yildan boshlab MDH Statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari kuzatuvlari Toshkent shahrida tanlab olingan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida belgilangan reja-jadvalga asosan o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, 2021- yilda kuzatuvlarni tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan reja-jadvalga muvofiq, 2021- yil uchun joriy yilning mart va iyun oylarida birinchi bosqichda MDH Statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan 8 guruhdan iborat bo‘lgan, jami 2266 turdagi tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari kuzatuvlari o‘tkazilib, mazkur tovarlar va xizmatlarning o‘rtacha narxlari to‘g‘risidagi statistik ma'lumotlar shakllantirildi hamda MDH statistika qo‘mitasiga taqdim etildi.
Bugungi kunda, “XTD-2021” doirasida MDH statistika qo‘mitasi tomonidan ikkinchi va uchinchi bosqichlarda taqdim etilgan qo‘shimcha 2 ta guruh – 99 turdagi “Qurilish materiallari” hamda 584 turdagi “Investision tovarlar” bo‘yicha tasdiqlangan grafikga asosan kuzatuv ishlari olib borilmoqda.
O‘z navbatida, XTD natijalaridan Xalqaro tashkilotlar (BMT, Jahon banki, XVJ, OECD, Yevropa ittifoqi), milliy hukumatlar, shuningdek, ilmiy tashkilotlar va ekspertlar tahliliy va amaliy maqsadlarda, xususan, mamlakatlarning umumiy iqtisodiy rivojlanish darajasini va xalqlarning turmush farovonligini baholash, milliy iqtisodiyot samaradorligi va salohiyatini aniqlash va taqqoslash, mamlakatlarga xalqaro yordam berish bo‘yicha qarorlar qabul qilish kabi maqsadlarda foydalanadi.