Joriy yilning 23-oktabr kuni Zarafshon shahri Quruvchi MFY “Yulduz” madaniyat saroyida “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish”ga tayyorgarlik doirasida mahalla yettiligi a’zolari ishtirokida o‘quv seminar o‘tkazildi.
Seminarning asosiy maqsadi — ro‘yxatga olish jarayonining ahamiyatini tushuntirish, elektron so‘rovnomalarni to‘ldirish, axborot tizimlaridan foydalanish hamda amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holati, yashash darajasi, farovonlik ko‘rsatkichlari hamda qishloq xo‘jaligi sohasiga oid aniq ma’lumotlar davlatning strategik rejalashtirish va samarali boshqaruvini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Aholi va qishloq xo‘jaligini birgalikda ro‘yxatga olish xarajatlarni qisqartirish, vaqtni tejash va ma’lumotlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish — bu keng qamrovli ijtimoiy-statistik jarayon bo‘lib, jamiyat farovonligi va kelajak taraqqiyotini belgilovchi muhim omil hisoblanadi. Ushbu jarayonda har bir fuqaroning faol va mas’uliyatli ishtiroki mamlakat rivoji uchun beqiyos ahamiyat kasb etadi.