19/08/2025

2025-yil 19-avgust kuni Navoiy viloyati statistika boshqarmasida xodimlar ishtirokida “To‘y va oilaviy tantanalar, maraka hamda marosimlarni ixchamlashtirish, ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqartirish va yoshlar tarbiyasiga e’tibor” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvga Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti O‘zbek va chet tillar kafedrasi dotsenti Akmal Tursunov taklif etildi. U o‘z ma’ruzasida oilaviy tadbirlarni ixchamlashtirish, ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish va yoshlar ongida tejamkorlik, odob-axloq hamda milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

 Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda to‘y va boshqa oilaviy tadbirlar keng tarqalgan bo‘lib, ularni ortiqcha dabdabalar bilan o‘tkazish holatlari ko‘paymoqda. Bunday holat oilalar uchun ortiqcha mas’uliyat va qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘lmoqda, shu bois marosimlarni ixchamlashtirish va oqilona tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi. 

 Targ‘ibot tadbirining asosiy maqsadi — ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, yoshlar ongida tejamkorlik va odob-axloqni mustahkamlash, shuningdek, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashdan iboratdir.

Uchrashuv davomida mavzu yuzasidan xodimlar o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi, amaliy tavsiyalar berildi. Tadbir yakunida ishtirokchilarga ushbu masalalarga jiddiy e’tibor qaratish, oilada va jamiyatda oqilona xarajat qilish madaniyatini keng targ‘ib etish lozimligi qayd etildi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech