Joriy yilning 6-8-iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi delegatsiyasi Yevrostat taklifiga binoan Yevropa statistika tizimining “Yevropa amaliyoti kodeksi” va sifatni taʼminlash boʻyicha standartlarni joriy etish boʻyicha tajribasini oʻrganishga bagʻishlangan seminarda ishtirok etdi. Seminar Polshaning Krakov shahrida boʻlib oʻtdi.
Seminarda Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Kozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi, Moldova, Ukraina va Oʻzbekiston, shuningdek, Yevrostat ekspertlari ishtirok etishdi.
Unda Yevrostat ekspertlari tomonidan Yevropa statistika tizimining “Yevropa amaliyoti kodeksi” va sifatni taʼminlash boʻyicha standartlarni joriy etish boʻyicha tajribasi namoyish etildi.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etuvchi davlatlarning statistika idoralari vakillari alohida masalalar boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi delegatsiyasi institutsional muhit va statistik jarayonlar sifatini oshirish borasida taqdimot qildi.
Taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi vakillari tadbir ishtirokchilarini Oʻzbekistonda statistika tizimi faoliyatini takomillashtirish masalalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar va istiboldagi rivojlantirish rejalari bilan tanishtirib oʻtdilar.
Seminar yakuni boʻyicha delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining masʼul boʻlinmalariga sifatni taʼminlash standartlari yuzasidan kelgusidagi amaliy ishlar boʻyicha oʻz tavsiyalarini taqdim etdi.
Matbuot xizmati