2023- yilning 29- mart kuni Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida Navoiy viloyati statistika boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining 2020- yil 16- martdagi “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-611- sonli Qonunining mazmun-mohiyati hamda amalga oshilayotgan ishlar yuzasidan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Navoiy viloyat statistika boshqarmasi Roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻlimi boshligʻi M.Yuldasheva Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish ishlarida targʻibot ishlarini olib borish ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.
Targʻibot ishlarini olib borishda aholini roʻyxatga olish boʻyicha qabul qilingan meʼyoriy hujjatlarning mazmun-mohiyatini toʻliq tushunish katta ahamiyatga ega ekanligini aytib oʻtdi.
Shuningdek, tadbir davomida aholini roʻyxatga olish boʻyicha qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 5- fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2022- yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish Konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5655- sonli Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasining 2020- yil 16- martdagi OʻRQ-611-sonli “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisi”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710- sonli Qarori, shuningdek, Oʻzbekiston Respublika Davlat statistika Qoʻmitasi tomonidan chiqarilgan qaror va buyruqlarning mazmun mohiyati toʻgʻrisida tushunchalar berildi.
Davra suhbati yakunida aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish bo‘yicha berilgan maʼlumotlar asosida ishtirokchilarning fikr mulohazalari va takliflari tinglandi va ularni qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.