Har qanday davlatning tarixi – bu, birinchi navbatda, unda yashaydigan xalqning tarixi, aholisining soni va tarkibi, uning iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarida oʻz ifodasini topadi. Aholi soni boʻyicha aniq va yaxlit maʼlumotlar aholini roʻyxatga olish asosida olinadi.
Aholini roʻyxatga olish yakunlariga qarab oʻtmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin boʻladi.
Qator holatlarda aholini roʻyxatga olish – aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, maʼlumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida maʼlumotlar olishning yagona manbai boʻlib xizmat qiladi.
Aholini roʻyxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng koʻlamli tadbir boʻlib, aholi toʻgʻrisidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Xalqaro tavsiyalarga koʻra, aholini roʻyxatga olish quyidagi muhim tamoyillarga asoslanadi:
- Markazlashtirish.Aholini roʻyxatga olishni boshqarishning qatʼiy markazlashtirilishi ushbu tadbirni muvaffaqiyatli oʻtkazishning asosiy shartlaridan biridir.
- Aholini roʻyxatga olishning muntazamligi.BMT tavsiyalariga koʻra, aholini roʻyxatga olish 10 yilda kamida bir marotaba oʻtkazilishi belgilangan.
- Aholini roʻyxatga olish maxsus tayyorlangan mutaxassislar – hisobchilar tomonidan oʻtkazilishi.Mazkur tadbirni amalga oshirish uchun koʻp miqdorda maxsus xodimlar yollanadi, ularning tarkibiga ziyolilar, talabalar ham kiritilishi mumkin.
- Aholini roʻyxatga olishni aniq bir muddatda oʻtkazish.Bu tadbirni amalga oshirishga odatda 10–12 kun talab etiladi. Aholini roʻyxatga olish bir necha kun davomida oʻtkazilsa ham, maʼlumotlar aniq bir vaqtda – koʻpincha aholini roʻyxatga olishning birinchi kunining 0 soatdagi holati boʻyicha qayd etiladi. Bu aholini roʻyxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi.
Masalan, chaqaloq aholini roʻyxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tugʻilgan boʻlsa, u aholi roʻyxatiga kiritilmaydi. Lekin, kimdir bu aniq nozik muddatda hayot boʻlib, shundan keyin, yaʼni aholini roʻyxatga olish davrida vafot etsa, u aholi roʻyxatiga kiritiladi.
- Aholini roʻyxatga olishning belgilab qoʻyilgan aniq dasturining mavjudligi va tadbirni unga qatʼiy rioya qilgan holda oʻtkazish.Aholini roʻyxatga olish dasturi – roʻyxatga olishda muayyan talablarni hisobga olgan holda, aholiga murojaat qilinadigan savollar roʻyxatini, maʼlumotlarni qayd etish, toʻplash, qayta ishlash, yakuniy maʼlumotlarni eʼlon qilish tartiblarini oʻz ichiga oladi.
- Aholining toʻliq qamrab olinishi.Aholini roʻyxatga olishda kimdir unutib qoldirilishi yoki ikki marta roʻyxatga olinishi hollari uchrasa ham, mavjud aholining roʻyxatdan joy olinishini taʼminlash asosiy vazifa hisoblanadi.
- Maʼlumotlarning maxfiyligi va shaxsiylashtirilishi.Aholini roʻyxatga olishda individual asosda har bir shaxs toʻgʻrisidagi yakka maʼlumotlar toʻplanadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan maʼlumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini roʻyxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.
- Ixtiyoriylik.Shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar soʻralayotgan (respondent)ning javoblari (kichik yoshdagilar uchun – ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosadigan shaxslarning) asosida qayd qilinadi va buni hujjat bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Navoiy viloyati statistika boshqarmasi
Axborot xizmati