05/07/2024

Aholining turar joy, uy-roʻzgʻor buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar, ijtimoiy xizmatlar, ish oʻrinlariga boʻlgan ehtiyojiga doir Oʻzbekiston uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan axborotni aholi toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotlar asosidagina aniqlash mumkin.

Dunyodagi har bir davlat, oʻzining aholisi va uning yashash holati boʻyicha ishonchli maʼlumotga ega boʻlish maqsadida maʼlum bir belgilangan davrlarda aholisini roʻyxatga olib boradi. Koʻpchilik davlatlarda aholini roʻyxatga olish har besh yoki oʻn yilda amalga oshiriladi.

Aholini roʻyxatga olish — shunchaki statistika emas, u umumdavlat miqyosidagi keng koʻlamli tadbir, aholi toʻgʻrisidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi. Buning natijasida nafaqat aholi soni, balki, uning yoshi, jinsi, milliy tarkibi, yashash sharoiti, oilaviy ahvoli, maʼlumoti, taʼlim darajasi, uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi, ishsizligi va boshqa ijtimoiy-demografik masalalar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar yigʻiladi.

Ushbu maʼlumotlar aholining istiqboldagi hisob-kitoblari va yaqin yillarda mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, bu maʼlumotlar avvalgi aholini roʻyxatga olishdan keyin oʻtgan vaqt davomida ushbu koʻrsatkichlarning oʻzgarishlar dinamikasini baholash imkonini beradi.

Aholini roʻyxatga olish jarayonida yigʻiladigan maʼlumotlar, oʻz navbatida, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash, oilalarga yordam koʻrsatish, sogʻliqni saqlash, taʼlim boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyatini kengaytiradi.

Ayni chogʻda ular aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish boʻyicha qisqa, oʻrta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda ham nihoyatda qoʻl keladi. Masalan, odamlarning bir joydan ikkinchi joyga ish topish yoki boshqa maqsadlarda koʻchib yurishlari, ularning bandliklari va kasblari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar butun mamlakat yoki uning muayyan bir hududida ishlab chiqarish va xizmat qoʻrsatish sohasini rivojlantirishni rejalashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, aholini roʻyxatga olish natijalari aholi jon boshiga makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq koʻrsatib beradi.

Bu kabi maʼlumotlarning umumlashtirilishi natijasida Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish koʻrsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yuzaga keladi.

Aholini roʻyxatga olish natijalarini umumlashgan, yaʼni shaxssizlantirilgan koʻrinishda turli xil jadvallarda aks ettiriladi va ulardan nafaqat butun mamlakat, balki aholining turli toifalari va hududlar boʻyicha ham tahlil qilishda foydalanish mumkin.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech