Mamalakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholi toʻgʻrisida toʻla va ishonchli maʼlumotga ega boʻlish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 16-martdagi “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi OʻRQ- 611-sonli qonuni qabul qilindi.
Qonunning asosiy maqsadi aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Qonun 5 bob 31 moddadan iborat boʻlib, Qonunning 23-moddasi bevosita Shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish tartibini belgilaydi.
Shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chogʻida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar soʻrovini oʻtkazish hamda roʻyxatga olish varaqlarini toʻldirish orqali amalga oshiriladi.
Shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish axborot xavfsizligini taʼminlash talablarini hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin.
Respondentlar soʻrovi davlat tilida oʻtkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida soʻrovdan oʻtkazilishi mumkin.
Roʻyxatga olish varaqlari roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning soʻzlari asosida toʻldiriladi.
Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish muddati ichida yashash (turgan) joyida hozir boʻlmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar boʻlgan respondentlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar ular uy xoʻjaligining voyaga yetgan aʼzolari tomonidan maʼlum qilinadi. Oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan maʼlum qilinadi.
Respondent roʻyxatga olish varagʻidagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda roʻyxatga olish varagʻi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida toʻldiriladi.
Aholini roʻyxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar boʻyicha shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish taqiqlanadi.