Joriy yilning 3-6-mart kunlari Shveytsariyaning Jeneva shahrida bolalar statistikasi bo‘yicha ekspertlar yig‘ilishi hamda TransMonEE sessiyasi o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda 36 ta davlatning milliy statistika organlari, vazirlik va idoralari mutaxassislari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning ekspertlari ishtirok etmoqda. Uchrashuv BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi va BMTning UNIСEF bolalar jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligidan Ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Qirg‘izov Dilshodbek Erkinbayevich va Barqaror rivojlanish va ijtimoiy soha tarmoqlari statistikasi bo‘yicha yig‘ma tahliliy axborotlarni shakllantirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Aleshunina Olga Vladimirovna ishtirok etdilar.
Yig‘ilishning asosiy maqsadi Yevropa va Markaziy Osiyoda bolalar haqidagi maʼlumotlarning qamrovi, sifati, bo‘linishi, qulayligi va ulardan foydalanishni kengaytirishdan iborat. Tadbirda muqobil parvarishdagi bolalar, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalar haqidagi maʼlumotlarning taqqoslanishi bilan bog‘liq muammolar muhokama qilinmoqda.
Uchrashuv mamlakatlarga Bolalar statistikasi bo‘yicha ko‘rsatmani amalga oshirishda, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning tavsiyalarini bajarishda va 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlarining kun tartibini amalga oshirishda yordam beradigan platformani taqdim etadi.