22/08/2023

2023-yil 22-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Statistika agentligining xalqaro axborot almashinuvi va xalqaro reytinglarda erishilayotgan natijalari” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi rahbariyati, boshqarma boshliqlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

1_7j1a8631

Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, 2017-yilda 6 ta xalqaro tashkilotlarning 20 ga yaqin savolnomalari toʻldirilgan boʻlsa, 2023-yilga kelib, Statistika agentligi tomonidan 17 ta xalqaro tashkilotning 49 turdagi savolnomasi asosida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlariga oid maʼlumotlar taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining tashqi savdo statistikasi boʻyicha maʼlumotlar bazasi “COMTRADE” va YUNISEFning “TRANSMONEE” axborot tizimlariga integratsiya amalga oshirildi.

2_7j1a8673

2021-2022-yillarda mamlakatimiz tarixida ilk bor, milliy valyutaning xarid qobiliyatini aniqlash boʻyicha “Xalqaro taqqoslashlar dasturi”da Oʻzbekistonning ishtiroki taʼminlandi.

Statistika sohasida qabul qilingan xalqaro tavsiyalar va standartlarni Milliy statistika tizimiga joriy qilish, xalqaro tajribani oʻrganish va tizim faoliyatini doimiy ravishda takomillashtirib borish maqsadida, 10 dan ziyod xalqaro tashkilotlar hamda 11 ta xorijiy davlatlar statistika idoralari bilan faol xalqaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

3_7j1a8705

Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portalining yangilangan zamonaviy talqini ishlab chiqildi. Bugungi kunda portalda 8,5 mingdan ortiq maʼlumotlar toʻplamlari uch tilda joylashtirilgan boʻlib, oʻz vaqtida yangilanib borilmoqda. Portal boshqa tashkilotlar saytlari va maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilinmoqda.

Shuningdek, portal faoliyatining yanada takomillashtirish maqsadida Statistika agentligi Open Data Watch tashkiloti, YEXHTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Jahon banki va boshqa yirik xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelinmoqda.

4_7j1a8698

Natijada, Oʻzbekiston Respublikasi Open Data Inventory (ODIN) ochiq maʼlumotlar reytingida 195 ta mamlakat orasida 70 ball bilan 30-oʻringa koʻtarildi hamda Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni saqlab qoldi.

Open Data Inventory (ODIN) – milliy statistika idoralari tomonidan yuritiladigan veb-saytlar hamda hukumat rasmiy veb-saytida taqdim etilgan maʼlumotlarning qamrovi va ochiqligini baholaydi. Shuningdek, rasmiy statistika kamchiliklarini aniqlash, ochiq maʼlumotlar siyosatini ilgari surish, milliy statistika organlari bilan maʼlumotlardan foydalanuvchilar oʻrtasida muloqotni yaxshilash va ochiqlikni baholaydi.

5_7j1a8728

ODIN 2023-yildan boshlab Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indikatorlari qatoriga kiritildi. Bu, oʻz navbatida, reytingning nufuzini oshishiga va 2030-yilga qadar BRM maqsadlariga erishishni monitoring qilishda mamlakatlarning ochiq maʼlumotlardan kengroq foydalanilishiga olib keladi. Binobarin, ODIN ochiq maʼlumotlar reytingi baholashlari shaffof va ochiq holda oʻtkaziladi hamda bunda mamlakatlarning oʻzlari ham mazkur jarayonlarda oʻz fikr-mulohazalarini bildirgan holda qisman ishtirok etadilar.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish yechimlari tarmogʻi (SDSN) va xalqaro ekspertlar tomonidan 2023-yilda eʼlon qilingan BRM (SDG index) reytingida Oʻzbekiston 71,1 indeks bilan 166 ta mamlakat orasida 69 oʻrinni egalladi.

6_7j1a8740

Bu natija 2022-yilga nisbatan 8 pogʻonaga oshgan. 2022-yilda Oʻzbekiston 69,9 indeks bilan 77 oʻrinda qayd etilgan edi.

2023-yilgi SDG index hisobotiga koʻra, Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanishning quyidagi 10 ta maqsadlari boʻyicha koʻrsatkichlarida ijobiy oʻsish qayd etilgan:

— mamlakatda kambagʻallikni qisqartirish

— sogʻliq saqlash va farovonlikni taʼminlash

— sifatli taʼlim bilan taʼminlash

— gender tengligiga erishish

— toza suv va sanitariya

— sanoatlashtirish, innovatsiya va infratuzilma

— shahar va aholi punktlarini barqaror rivojlantirish

— iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish

— tinchlik, adolat va samarali boshqaruv

— barqaror taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik

BMT Statistika boʻlimining veb sahifasida Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha ilgʻor tajribalarga ega davlatlarning ushbu sohada amalga oshirayotgan ishlari yoritib boriladi. Oʻzbekiston Respublikasi 2022-yil yakuniga koʻra, 87 ta ilgʻor tajribaga ega davlatlar qatoridan joy oldi va mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni kuzatib borish hamda jamoatchilikni xabardor qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumot eʼlon qilindi.

Statistika agentligi tomonidan har yili “Oʻzbekiston Respublikasida Milliy BRMlarga erishish boʻyicha statistik koʻrsatkichlar toʻplamlari” uchta til (oʻzbek, rus va ingliz tillari)da tayyorlab nashr etilmoqda.

Statistik maʼlumotlarning ishonchliligi BRMga erishish jarayonida shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlaydi, turli sohalardagi vaziyatni yaxshilash uchun qanday oʻzgarishlar va choralar koʻrish, taraqqiyot strategiyasi va davlat boshqaruvida nimalarni takomillashtirish zarurligini taklif qiladi. Umuman olganda, rasmiy statistika barqaror rivojlanishiga erishish va sayyoramiz uchun farovon kelajak yaratishda muhim vosita hisoblanadi.

Xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston Respublikasining pozitsiyasini yaxshilash mamlakatimizda davlat organlari va maʼlumotlarning ochiqligi hamda shaffofligini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni toʻlaqonli namoyon etish bilan chambarchas bogʻliqdir.

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech