05/08/2022

Joriy yilning 4- avgust kuni Davlat statistika qo‘mitasi hamda BMTning Bolalar jamg'armasi (UNICEF) vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi Markaziy apparat boshqarma boshliqlari hamda BMTning Bolalar jamg'armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade va ekspertlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda Multiindikator klaster kuzatuvlarini xalqaro talab va tavsiyalar asosida sifatli o‘tkazilishi yuzasidan o‘zaro fikr-mulohazalar almashildi.

Shuningdek, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade ham mavzu yuzasidan so‘z yuritdi. U hamkorlikda amalga oshirilgan MICS kuzatuvi ishlarini yakuniy qismiga etib kelingani munosabati bilan Davlat statistika qo‘mitasi masullariga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.

Ta‘kidlash lozimki, 2019- yil 24- iyulda Vazirlar Mahkamasining “2020–2022- yillarda O‘zbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvlarini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Multiindikator klaster kuzatuvlarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholining yashash sharoitlari to‘g‘risida ma'lumotlar yig‘ishdir.

To‘plangan ma'lumotlar va ko'rsatkichlar O'zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish yo'lidagi taraqqiyotini kuzatish uchun muhim omil bo'ladi va xalqaro ma'lumotlar bazalariga kiritiladi. Shuni ham ta'kidlash kerakki, ular ijtimoiy xizmatlar sohasida qarorlar qabul qilish, milliy siyosatni, rivojlanish va xizmat ko’rsatish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun ham zarurdir.

Shuningdek, uchrashuvda YUNISEF bilan hamkorlik doirasidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

stat.uz

Tugmani bosing Tinglash GSpeech