Joriy yilning 31- may kuni International Hotel Tashkent mehmonxonasida 31-may – Xalqaro tamakisiz kuni munosabati bilan “Atrof-muhit va salomatligimizni himoya qilamiz!” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Davra suhbatini oʻtkazishdan asosiy maqsad – aholi oʻrtasida alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini kamaytirish, atrof-muhitni himoya qilishdan iborat.
Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idora vakillari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Davlat statistika qoʻmitasidan Axborot xizmati bosh mutaxassisi Aziza Muhammedova qatnashdi.
Tadbirni Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lianne Kuppens kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligini saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi Qizilgul Qosimova, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi xodimi Nazokatxon Qosimova mavzu yuzasidan taqdimot qilishdi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilar bugungi kunda aholi orasida tobora koʻpayib borayotgan elektron sigaretlar va boshqa sarhush qiluvchi tamaki vositalari hamda bu zararli mahsulotlarning yoshlar orasida ommalashib ketmasligi uchun qaysi jihatlarga eʼtibor qaratish zarurligi borasida fikr-mulohaza bildirildi.
Tadbir yakunida mavzu yuzasidan oliy oʻquv yurtlari talabalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda tadbir tashkilotchilari oʻrtasida savol-javoblar oʻtkazildi.
Matbuot xizmati