19/11/2021

Joriy yilning 19- noyabr kuni poytaxtimizdagi “Wyndham” mehmonxonasida Davlat statistika qo’mitasi, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), MDH statistika qo’mitasi, AQSHning aholini ro’yxatga olish burosi vakillari, Fransiya, Italiya, Vengriya, Buyuk Britaniyalik xorijiy ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida “Aholini sinov tariqasida ro’yxatga olishni kuzatish missiyasining debrifingi” tashkil etildi.

Tadbirda xorijiy ekspertlar anyi paytda O’zbekistonda o’tkazilayotgan sinov tariqasida aholini ro’yxatga olish jarayonlari yuzasidan taklif va tavsiyalar berishdi.

Jumladan, savolnomalarni milliy mintalitetga moslashtirgan holda yanada takomillashtirish, planshetlar orqali ro‘yxatga olish dasturidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish bo’yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi. Aholini ro‘yxatga olishda har bir fuqaroning ma'lumotlari muhim ahamiyatga ega bo‘lib, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumoti, uy-joy bilan ta'minlanganlik darajasi, bandligi, daromad manbalari kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha batafsil ma'lumot to‘planadi.

Eslatib o’tamiz: sinov tariqasida aholini ro’yxatga olish 2021- yilning 11- noyabr sanasidan boshlab, Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o’tkazilmoqda.

Sinov tariqasida ro’yxatga olish jarayonlarida orttirilgan tajribalar 2023- yilda bo’lib o’tadigan aholini ro’yxatga olish bo’yicha asosiy tadbirning samarali o’tkazilishida muhim omil bo’lib xizmat qiladi.

stat.uz

 

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech