15/10/2021

O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Jumladan, shu yilning 12-oktabr kuni G‘ozg‘on shahar statistika bo‘limi mutaxassislari tomonidan tumandagi “Turon” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, Respublikamizda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni samarali o‘tkazish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Xususan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710- sonli qarori mazmun-mohiyati, aholini ro‘yxatga olish tartibi, tarixi, normativ-huquqiy xujjatlar, aholini ro‘yxatga olish bosqichlari, aholini ro‘yxatga olishdan keyin kutilayotgan natijalar to‘g‘risida atroflicha tushuntirib o‘tildi.

Shuningdek, tadbir davomida shaxsga doir ma’lumotlarni yigʻish usullari toʻgʻrisida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, respondentlar yashaydigan (vaqtincha boʻlib turgan) turar va noturar joylarga, binolarga tashrif buyurgan holda uyma-uy yurib, soʻrov oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Ro'yxatga olish varagʻi shakllari roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning soʻzlari asosida toʻldiriladi, aholini ro'yxatga olishni o'tkazish davrida yashash (turgan) joyida hozir bo'lmagan yoki voyaga etmagan shaxslar (respondentlar) to'gʻrisidagi shaxsga doir ma'lumotlar mazkur uy xo'jaligining voyaga etgan a'zolari tomonidan ma'lum qilinadi.

Suhbat davomida fuqarolarga aholini ro‘yxatga olish tadbiri samarali o‘tishida xar bir fuqaro mas’ul ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

 

Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech