20/08/2021

2021- yil 20- avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi yangi qonunining mazmun-mohiyati, ahamiyati, qonun bilan amaliyotga joriy etilayotgan o‘zgarish va tushunchalar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati, markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida ta'kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda milliy statistika sohasini rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, islohotlarning muhim yo‘nalishi sifatida statistika sohasining qonunchilik asoslarini takomillashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi Qonuni 2002- yilda qabul qilingan bo‘lib, tahlillar  mazkur qonunning xalqaro andozalarga, bugungi kun talablari va chaqiriqlariga to‘liq mos kelmasligini ko‘rsatdi.

Shu bois, xalqaro amaliyot va ilg‘or xorijiy tajribalarga tayanilgan holda statistika sohasining amaldagi qonunchilik asoslarini takomillashtirishga qaror qilindi. Mazkur masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 3- avgustdagi PQ-4796-son qarori bilan tasdiqlangan “2020–2025- yillarda statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi”da  muhim vazifa sifatida belgilab berildi.

Yangi qonunni ishlab chiqishda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari uchun maxsus ishlab chiqilgan Rasmiy statistika to‘g‘risidagi model qonuniga tayanildi.

Jarayonga hukumat, vazirlik va idoralar mas'ullari hamda Jahon bankining xorijiy ekspertlari jalb etildi. MDH, Osiyo va Yevropa mamlakatlarining qonunchiligi hamda Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning rasmiy statistika borasidagi huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi.

Natijada, bugungi kun talablariga va xalqaro andazalarga mos keluvchi O‘zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonuni ishlab chiqilib, davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.

Yangi qonun 7 ta bob va 44 ta moddadan iborat bo‘lib, avvalgi qonunimizdan tubdan farq qiladi va asosiy jihatlar va yangiliklarni quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin:

Birinchidan, yangi tushuncha, ya'ni rasmiy statistika tushunchasi amaliyotga joriy etilmoqda. Qonunda rasmiy statistika O‘zbekiston Respublikasidagi iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, moliyaviy, ekologik hodisalar va jarayonlarni hamda boshqa hodisalar va jarayonlarni tavsiflovchi, ushbu qonunning qoidalariga muvofiq tayyorlanadigan hamda tarqatiladigan statistika ma'lumotlaridan iboratdir deb aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan buyon ushbu qonun qoidalariga muvofiq tayyorlanmagan har qanday statistika ma'lumoti rasmiy deb tan olinmaydi va mazkur tushuncha yordamida milliy axborot makonida rasmiy va normasiy statistik ma'lumotlarni aniq ajratib olish imkoniyati yaratiladi.

Ikkinchidan, milliy statistika tizimi tashkil etilib, uning tarkibiga statistika organlari bilan bir qatorda rasmiy statistika masalalari doirasida boshqa rasmiy statistikani tayyorlovchi va tarqatuvchi davlat boshqaruvi organlari ham kiritilmoqda.

Xususan, yangi qonunda milliy statistika tizimi sub'ektlari sifatida rasmiy statistika ma'lumotlarini tayyorlashda bevosita ishtirok etuvchi 30 dan ziyod davlat boshqaruvi organlarining huquq, vazifa va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. 

Milliy statistika tizimi faoliyatini samarali muvofiqlashtirib borish maqsadida
Davlat statistika qo‘mitasi vakolatli organ sifatida belgilandi.

Davlat statistika qo‘mitasiga boshqa rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika uslubiyatlarini xalqaro tavsiyalarga muvofiqligi nuqtai-nazaridan auditdan o‘tkazish vakolati qonun bilan mustahkamlandi.

Rasmiy statistikaning rivojlantirilishi, faoliyat ko‘rsatishi va muvofiqlashtirilishi muammolari bo‘yicha kollegial maslahat organi sifatida Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Statistika kengashining huquqiy maqomi belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, respondentlar, ma'muriy ma'lumotlarni yetkazib beruvchilar hamda statistik ma'lumotlardan foydalanuvchilarning vakolatlari, vazifa va majburiyatlari ham aniqlashtirilmoqda.

Uchinchidan, avvalgi qonunda statistika ishlari dasturining tavsifi, uni ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi batafsil yoritilmagan, uzoq yillik va yillik statistik dasturlarni ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va moliyalashtirish tartibi, statistik kuzatuvlar hamda ro‘yxatga olishlarning turlari va ularni amalga oshirishga oid qoidalar nazarda tutilmagan edi.

Shuningdek, yangi qonunda rasmiy statistik ma'lumotlarning sifati va ularni baholash bo‘yicha talablar belgilanmoqda.

Ya'ni, statistikaning sifatini ta'minlash maqsadida rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan ma'lumotlarni baholashning statistik usullaridan foydalanishi, foydalaniladigan manbalar va usullarni hujjatlashtirib borishi, bundan tashqari respondentlarning fikr-mulohazalarini o‘rganish, ilmiy jamoatchilik bilan statistik metodologiyani baholash va uni takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish kabi mexanizmlar o‘z aksini topmoqda.

Bundan tashqari, statistik ma'lumotlar bilan ishlashga oid qoidalar aniqlashtirilmoqda. Xususan, bugungi kunga qadar statistik ma'lumotlarni tayyorlash, ulardan foydalanish, e'lon qilish va tarqatish, shuningdek, qayta ishlash va saqlashda axborot xavfsizligini ta'minlash borasida talablar mavjud emas edi, yangi qonunda bu bo‘shliqlar bartaraf etilib, ma'muriy, individual
va maxfiy ma'lumotlardan foydalanish qoidalari va maqsadlari belgilandi.

Rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan statistik ma'lumotlardan keng foydalanish imkonini yaratish, ularni foydalanuvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun izohlar bilan birga belgilangan muddatlarda nashr qilinishi hamda rasmiy saytlar va OAVlarda e'lon qilinishi ta'minlanishi bo‘yicha qoidalar aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonuni milliy statistika tizimi faoliyatini tartibga solish barobarida,  rasmiy statistikaning ochiqligi va shaffofligini ta'minlash borasidagi islohotlarning natijadorligiga erishish, foydalanuvchilarning ishonchli, sifatli va dolzarb rasmiy statistik ma'lumotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish va shak-shubhasiz mamlakatning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Quyida mazkur matbuot anjumani bilan batafsil tanishishingiz mumkin.

 

 

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida Navoiy viloyatida jami 2 170,8 mlrd.so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘sish sur’ati 2020- yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 103,4 % ni tashkil etdi.


 

 

 

stat.uz

 

 

 

 

 

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech