Navoiy viloyat hokimligida “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda viloyat hokimi Qobul Tursunov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov, viloyat prokuraturasi, adliya boshqarmasi, IIB mas’ullari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatlari, davlat tashkilotlari va muassasa rahbarlari ishtirok etdi.
Muloqot avvalida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi yuzasidan olib borilgan o‘rganish natijalari haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, Prezident farmoniga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda belgilab berilgan muhim vazifalar tafsilotiga to‘xtalib o‘tildi.
Hujjatga muvofiq, Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati shakllantirilgan.
– Mazkur ro‘yxatda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiq joylashtiriladigan 33 turdagi ma’lumotlar qamrab olingan, – deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Ilhom Rajabov. – Tadbirda farmonga binoan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik darajasini yanada oshirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” va unga asosan 13 yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida aytib o‘tildi.
Tadbir mobaynida, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Ochiq ma’lumotlar portali va rasmiy veb-saytlarga joylashtiriladigan ma’lumotlar, tashkilotlarning hisobdorligini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladigan ishlar, mazkur jarayonda adliya organlari va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilgan vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Seminar so‘nggida mas’ullar Prezident farmoni ijrosini ta’minlashda amaliy yordam berish maqsadida davlat organlari va tashkilotlariga tashrif buyurib, hujjatda belgilangan vazifalarning bugungi kundagi holati bilan tanishdi.
O‘zA