22/06/2021

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Aholi turmush darajasi va yangi qurilayotgan uy-joylar sonining oshishi natijasida mebelsozlik sanoati mahsulotlariga nisbatan oshib borayotgan talabni qondirish, respublika hududlaridagi mebel ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro standartlarga javob beradigan hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida:

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 1-ilovaga muvofiq hududlarda klaster usulida mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini (keyingi matnlarda – kichik sanoat zonalari) tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

a) kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish maydonlari mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;

b) kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish maydonlariga egalik qilishning majburiy sharti sifatida ushbu kichik sanoat zonasining bosh rejasiga asosan mebel va uning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish ob’ektlarini joylashtirish belgilanadi;

v) kichik sanoat zonasidagi qishloq xo‘jaligida foydalanilgan yer maydonlarini mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilishdan tushgan tushumning mahalliy byudjetga yo‘naltiriladigan qismi byudjetning qo‘shimcha daromadi sifatida shakllantiriladi va kamida 30 foizi ushbu hududda yangi yer maydonlarini qishloq xo‘jaligiga kiritish uchun sarflanadi;

g) tashkil qilinayotgan kichik sanoat zonalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish tadbirlari:

ichimlik suvi, oqova suv tarmoqlarini hamda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha – 2021-2023 yillar uchun Davlat byudjetida nazarda tutilgan mablag‘lar;

elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha – o‘rnatilgan tartibda ta’minotchi korxonalar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

o‘n kun muddatda kichik sanoat zonalarini tashkil etish uchun 1-ilovada ko‘rsatilgan yer maydonlarini qonunchilikda belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlasin;

bir oy muddatda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov) bilan birgalikda belgilangan tartibda kichik sanoat zonalari hududlarining chegaralari va bosh rejasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin;

ikki hafta muddatda Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) bilan birgalikda tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilgan holda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlasin. Bunda har bir hududda yangidan qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari ushbu hududda tashkil qilinayotgan kichik sanoat zonasi maydonidan kamida ikki barobar ko‘p bo‘lishi lozim.

4. Belgilansinki, kichik sanoat zonalarini tashkil qilish uchun yer maydoni ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.

5. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda tashkil qilinayotgan kichik sanoat zonalarini barcha muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan ta’minlash manzilli dasturini tasdiqlasin.

6. 2021 yil 15 iyundan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq quyidagi xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi:

2021-2024 yillarda yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalarning xomashyo (TIF TN bo‘yicha 4410 va 4411 kodlari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi miqdorida;

2024 yil 1 yanvarga qadar mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eksport qiluvchi korxonalarga mebel mahsulotlarini barcha davlatlarga, shu jumladan, qo‘shni davlatlarga eksport qilishda avtomobil va temir yo‘l tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 5 foizidan, temir yo‘l transportida 7 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorida.

7. 2023 yil 1 yanvarga qadar 2-ilovaga muvofiq mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanilsin.

8. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “2021-2024 yillarda O‘zbekistonda mebel va yog‘ochsozlik sanoatini rivojlantirish dasturi” loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

respublika hududlarida qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylarni aholining talabidan kelib chiqqan holda birinchi navbatda mahalliy mebel mahsulotlari bilan jihozlash bo‘yicha iste’mol kreditlarining yangi turlari va paketlarini joriy qilish;

2021-2024 yillarda respublika hududlaridagi davlat tashkilotlarining, shu jumladan, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim hamda sog‘liqni saqlash muassasalarining mebel jihozlarini yangilash grafigini tasdiqlash;

mebel sanoatining barcha yo‘nalishlarida xomashyo sifatida foydalaniladigan daraxt turlarini respublika iqlim sharoitini hisobga olgan holda yetishtirish hamda respublika mebel sanoatida xomashyo sifatida foydalaniladigan daraxt turlari plantatsiyalarini barpo etish;

xorijiy davlatlardagi (Xitoy, Turkiya hamda Yevropa davlatlari) yirik mebel ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan respublikada ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish;

Innovatsion rivojlanish vazirligi va “O‘zkimyosanoat” AJ bilan birgalikda respublika hududlarida MDF plitalari, HPL panellar, hamda mazkur qarorning 2-ilovasida ko‘rsatilgan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish.

9. “Mebel va yog‘ochsozlik sanoati” uyushmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2022 yildan boshlab har yili may oyida mahalliy va xorijiy korxona vakillari, salohiyatli investorlar, ekspertlar va tarmoqqa aloqador boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda Mebel xalqaro savdo ko‘rgazmasini (“Uzbek International Furniture Fair”) tashkil qilish va o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov) “Mebel va yog‘ochsozlik sanoati” uyushmasi (A.Nuritdinov) bilan birgalikda ikki oy muddatda Mebel xalqaro savdo ko‘rgazmasiga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirishni boshlasin.

10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda 1-ilovada ko‘rsatilgan tumanlar (shaharlar) hokimliklari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda 1-ilovada ko‘rsatilgan tumanlarda (shaharlarda) joylashgan kasb-hunarga o‘qitish muassasalarida tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilgan holda mebelsozlik bo‘yicha qisqa va o‘rta muddatli o‘quv kurslarini tashkil qilsin.

11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ikki oy muddatda “Mebel va yog‘ochsozlik sanoati” uyushmasining o‘quv kurslarini tashkil qilishi uchun “Ishga marhamat” monomarkazi Olmazor filiali binosida 5 ta xonani tekin foydalanish huquqi asosida ajratsin hamda ushbu o‘quv kurslarida o‘qitiladigan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarning o‘quv xarajatlari belgilangan tartibda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda unda belgilangan vazifalarning ijrosi yoritib borilishini ta’minlasin.

13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.B.Voitov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                           Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 21 iyun 

 

UzA.uz

Tugmani bosing Tinglash GSpeech