Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi hamda “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonunlariga muvofiq mamlakatimizda 2025-yil noyabr-dekabr oylarida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Soʻnggi yillarda, respublikaning qishloq xoʻjaligi sohasini tubdan rivojlantirish yuzasidan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda, jumladan, sohaga investitsiyalarni keng jalb etish va ulardan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyilmoqda, innovatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlari yanada jadallashtirilmoqda, infratuzilma va moddiy-texnik bazani mustahkamlash, shuningdek respublikada mahsulot yetishtirishdan tortib, uni sotishgacha boʻlgan agrobiznesning yaxlit zanjirini oʻz ichiga qamrab olgan klaster tizimini tashkil etish va rivojlantirish hamda qishloq xoʻjaligi yerlarini oʻzlashtirish va foydalanishga qayta kiritish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Masalan oxirgi yillarda hosildorligi past boʻlgan paxta va gʻalla maydonlari oʻrniga meva-sabzavot va ozuqa ekinlarini yetishtirishga ahamiyat berilmoqda, jumladan intensiv bogʻlar hamda tokzorlar, shuningdek zamonaviy issiqxonalar barpo etilmoqda.
Shuningdek chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish dasturlari doirasida qoramolchilik, qoʻy va echkichilik, parrandachilik kabi koʻplab xoʻjaliklar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda, chorvachilik va baliqchilik sohasining ichki imkoniyatlarini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda, shuningdek ularga davlat tomonidan tizimli yordam koʻrsatilmoqda.
Bu oʻz navbatida, qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijalarining xalqaro talablarga javob beradigan hisob-kitoblar tizimini tashkil etish, statistik kuzatuvlarni oʻtkazish usullarini yanada kengaytirish va takomillashtirish yuzasidan aniq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Bunda, qishloq xoʻjaligi subyektlarining batafsil tavsiflarini olish va qishloq xoʻjaligi faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari, agrar sektorning holati va tuzilishi toʻgʻrisidagi rasmiy statistik maʼlumotlarni shakllantirish maqsadida, qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tadbirini amalga oshirish muhim hisoblanadi.
Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligida roʻyxatdan oʻtkazish ishlari umuman amalga oshirilmagan. Bu esa oʻz navbatida, qishloq xoʻjaligi yer maydonlari, asosiy turdagi dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari tarkibiga keskin taʼsir koʻrsatgan oʻzgarishlar, respublika qishloq xoʻjaligi koʻrsatkichlarining joriy hisobi boʻyicha mavjud maʼlumotlarni qoʻllashni sezilarli darajada cheklamoqda.
Roʻyxatdan oʻtkazish borasidagi xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari muhim ahamiyat kasb etadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) taqdim etilayotgan joriy hisobotlarga qoʻshimcha ravishda, qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishni tavsiya etadi. Tashkilot roʻyxatdan oʻtkazishning xalqaro standartlarini, tushuncha va taʼriflar hamda uslubiyotlarni ishlab chiqish bilan bir qatorda, aʼzo davlatlarga texnik koʻmak koʻrsatish orqali milliy qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga yordam berib kelmoqda.
FAO tashkiloti roʻyxatdan oʻtkazishning navbatdagi raundini har oʻn yilda eʼlon qilib, hozirda 2016-2025-yillarni qamrab olgan qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish 2020 raundi davom etmoqda.
Dastlabki 1930-yil raundda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tadbirini amalga oshirgan tashkilotga aʼzo davlatlar soni 55 tani tashkil etgan boʻlsa, 2020-yil raundida esa ularning soni 150 taga yetishi kutilmoqda.
2016-2025-yillar davomida roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshiradigan turli mamlakatlarni metodik qoidalar bilan taʼminlash maqsadida, FAO tomonidan ikki tomdan iborat “Butunjahon qishloq xoʻjaligida roʻyxatdan oʻtkazish 2020-yil” dasturi ishlab chiqildi.
Dasturda, roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish, amalga oshirish, maʼlumotlarni qayta ishlash, natijalarini umumlashtirish, maʼlumotlarni chop etish, tarqatish va eʼlon qilish bilan bogʻliq barcha masalalar boʻyicha batafsil maʼlumotlar va tavsiyalar berilgan.
Bundan tashqari, mazkur dastur qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etishda foydalaniladigan kompleks metodologik yondoshuvlarni ishlab chiqishga qaratilgan.
Xalqaro amaliyotda, FAO tavsiyalari asosida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish odatda oʻn yilda bir marta amalga oshiriladi. Ayrim agrar soha rivojlangan davlatlar roʻyxatdan oʻtkazish tadbirini 4-10 yilda bir martadan kam boʻlmagan davrda amalga oshiradilar. Masalan mazkur tadbir Germaniya va Gollandiyada — toʻrt yilda bir marta oʻtkazilsa, AQSH, Kanada hamda Koreya davlatlarida — har besh yilda, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga (MDH) aʼzo davlatlarda — 10 yilda bir marta oʻtkaziladi.
Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH)ga aʼzo mamlakatlardan Rossiya Federatsiyasida, Ozarbayjonda, Moldovada, Armanistonda, Qozogʻistonda, Qirgʻizistonda, Tojikistonda hamda Belarusda (aholini roʻyxatga olish tadbiri bilan birgalikda) qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish amalga oshirilgan.