O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar bo‘yicha xalqaro Open Data Inventory (ODIN) reytingida 2024-yil natijalariga ko‘ra, 198 ta mamlakat orasida 83 ball bilan 12-o‘ringa ko‘tarildi hamda Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni saqlab qoldi.
Ma’lumot uchun, Open Data Inventory (ODIN) – ochiq ma’lumotlar siyosatini ilgari surish, rasmiy statistika kamchiliklarini aniqlash, milliy statistika organlari bilan ma’lumotlardan foydalanuvchilar o‘rtasida muloqotni yaxshilash va ochiqlikni baholaydi.
Mazkur reytingda O‘zbekiston 2023-yil yakuniga nisbatan (195 ta mamlakat orasida 70 ball bilan dunyoda 30-o‘rinni egallagan) 18 ta pog‘onaga ko‘tarilgan. Bu natijaga quyidagilar orqali erishilgan:
Statistik ma’lumotlar qamrovini ta’minlash borasida:
– Mamlakatimizni ijtimoiy va iqtisodiy o‘sishini to‘liq baholash imkonini beruvchi muayyan turdagi statistik ma’lumotlarning hududlar, tarmoqlar va yillar kesimida e’lon qilinishi;
– Statistik ma’lumotlarning oxirgi 5 va 10 yil uchun dinamik qatorlarda e’lon qilish;
– Statistik ma’lumotlarni birinchi va ikkinchi ya’ni O‘zbekiston misolida viloyat va tuman darajasida e’lon qilish.
Statistik ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash borasida:
– Statistik ma’lumotlarning metama’lumotlar bilan birga elon qilinishi;
– Statistik ma’lumotlarni foydalanuvchilar uchun qulay formatlarda e’lon qilish;
– Statistik ma’lumotlarni yuklab olish imkoniyatlarini kengaytirish.
Foydalanuvchilarning yuqoridagi talab va istaklarini bajarish, ularga qulay imkoniyatlar yaratish uchun Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan “Statistika” integrallashgan axborot tizimi (SIAT) portali ishga tushirildi.
Bugungi kunda SIAT axborot tizimida jami 2 900 dan ortiq rasmiy statistik ko‘rsatkichlar 3 ta tilda foydalanuvchilarga qulay va bepul shaklda yuklab olish uchun 5 xil formatda metama’lumotlar bilan e’lon qilib borilmoqda.
Mazkur portalning ishga tushirilishi va uning imkoniyatlari Open Data Watch tashkiloti ekspertlari tomonidan ijobiy baholangan hamda Open Data Inventory reytingida O‘zbekistonning ijobiy natija qayd etishiga muhim omil bo‘lgan.
O‘zbekiston Open Data Inventory (ODIN) reytingida:
– 2017-yilda 180 ta mamlakat orasida 18 ball bilan 167-o‘rinni;
– 2018-yilda 178 ta mamlakat orasida 19 ball bilan 168-o‘rinni;
– 2020-yilda 187 ta mamlakat orasida 63 ball bilan 44-o‘rinni;
– 2022-yilda 192 ta mamlakat orasida 66 ball bilan 40-o‘rinni;
– 2023-yilda 195 ta mamlakat orasida 70 ball bilan 30-o‘rinni egallagan.