29/04/2025

Joriy yilning 22-aprel kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Statistika Komissiyasining 2026-2029-yillarga a’zo davlatlarini saylash jarayonida tarixida ilk marta O‘zbekiston ushbu organ a’zosi etib bir ovozdan saylandi.

Ma’lumot uchun, Statistika Komissiyasi 1947-yilda BMTning iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi (IIK) tomonidan funksional organ sifatida tashkil etilgan. U xalqaro statistika sohasining rivojlanishini belgilovchi asosiy hukumatlararo tashkilot bo‘lib, universal statistika standartlari va metodologik prinsiplarga oid ishlarni muvofiqlashtiradi.

Komissiya 24 ta davlatdan iborat bo‘lib, ular 4-yilda bir marta geografik taqsimotni hisobga olib saylanadi.

Milliy statistika qo‘mitasi raisi 22-aprel kuni BMT Statistika departamenti direktori Stefan Shvaynfest bilan uchrashib, O‘zbekistonda statistika tizimini takomillashtirish, Milliy statistika qo‘mitasini transformatsiya qilish masalalari, xususan, uslubiyotlarni xalqaro tashkilotlar tamoyillari va tavsiyalari bilan uyg‘unlashtirish va xodimlar malakasini oshirish, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish kabi masalalarni muhokama qildi. Uchrashuvda Stefan Shvaynfest O‘zbekiston BMT Statistika komissiyasiga ilk bor a’zo bo‘lganligini e’tirof etdi.

Statistika Komissiyasiga to‘liq a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun global statistik siyosatni shakllantirishda ishtirok etish, milliy tajriba va islohotlar yutuqlarini namoyish etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlarni ochib beradi.

O‘zbekistonning ushbu organ a’zosi etib saylanishi mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosda tan olinganligini va mamlakatning global jarayonlardagi o‘sib borayotgan rolini ko‘rsatadi.

r

Tugmani bosing Tinglash GSpeech