Aholini roʻyxatga olish aniq bir muddatda oʻtkaziladi. Bu tadbir odatda 10 kundan – 25 kun talab etiladi. Aholini hisobga olish davri ayrim holatlarda aholini roʻyxatga olishning nozik vaqti deb ham yuritiladi. Aholini roʻyxatga olish davridan qatʼiy nazar aholini roʻyxatga olish birinchi kuni soat 00-00 daqiqa holati boʻyicha qayd etiladi. Misol uchun chaqaloq aholini roʻyxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin dunyoga kelsa, u aholini roʻyxatga olish tadbirida roʻyxatga olinmaydi. Ammo kimdir bu nozik vaqtda hayot boʻlib, shundan keyin, yaʼni aholini roʻyxatga olish davrida vafot etsa, u aholi sifatida roʻyxatga olinadi.
Aholini roʻyxatga olish tadbiri davomida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha Oʻzbekiston Respublikasida boʻlib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini roʻyxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida roʻyxatga olinadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning oʻzi bilan birga boʻlgan oila aʼzolari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan roʻyxatga olinadi.
Respondentlar oʻzining (doimiy yoki vaqtincha) yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi. Bu joy respondent roʻyxatdan oʻtgan (roʻyxatga qoʻyilgan) manzil bilan mos kelishi yoki mos kelmasligi ham mumkin. Aholini roʻyxatga olish tadbiri davomida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga jalb etilgan shaxslarning xavfsizligini, jinoyatchilik koʻp uchraydigan hududlar va tarbiyasi ogʻir oilalar roʻyxatlari shakllantirilishini, oʻz xodimlarining roʻyxatga oluvchi xodimlar bilan birgalikda roʻyxatga olish jarayonida ishtirok etishini, aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida hududlarda tinchlik va osoyishtalikni, jamoat tartibini, fuqarolar xavfsizligini taʼminlaydi.