2025-yil 20-yanvar kuni Statistika agentligida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Iqtisodiy statistika” kafedrasi bitiruvchilarining magistrlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Statistika agentligi boshqarma boshliqlari hamda universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Unda 70310201-Ekonometrika va 70411501-Biznes tahlil mutaxassisligi talabalarining ilmiy izlanishlari taqdim etildi. Himoya qizg‘in savol-javoblar va muhokamalar tarzida o‘tkazilib, ishtirokchilarning bilim va ilmiy salohiyatini namoyon etish uchun keng imkoniyat yaratildi.
Magistrantlar o‘z dissertatsiyalarida O‘zbekiston iqtisodiyoti va statistikasini rivojlantirishga qaratilgan dolzarb masalalarni puxta tahlil qildilar. Ular zamonaviy iqtisodiy modellar va ekonometrik usullardan foydalanib, amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan yechimlarni taklif qildilar. Tadqiqot ishlari ilmiy yangilik, statistik asoslanish va amaliyotda qo‘llanilish imkoniyati jihatidan yuqori baholandi.
Himoya jarayonida magistrantlar o‘z tadqiqotlarining natijalarini batafsil asoslab berib, professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislari tomonidan berilgan savollarga aniq va asosli javoblar berildi.
Tadbir yakunida magistrantlarga ilmiy va kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyat tilab, ularning kelgusida iqtisodiy statistika va biznes tahlil yo‘nalishlarida yanada katta yutuqlarga erishishlariga ishonch bildirildi.
Ushbu tadbir Statistika agentligi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasidagi samarali hamkorlikning natijasi bo‘lib, mamlakatimizda iqtisodiy va statistika sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishidagi muhim qadam ekanligini yana bir bor tasdiqladi.