Joriy yilning 7- yanvar kuni Statistika agentligida Jahon banki vakillari o‘rtasida masofaviy uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi Narxlar statistikasi boshqarmasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Umarov va Aholi turmush darajasi va kuzatuvlari statistikasi boshqarmasi boshlig‘I Umid Madaminov hamda Jahon banki ishchi guruhi aʼzolari Ikuko Uochi va Dariya Miroshnokovalar qatnashdi.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston uchun kambag‘allik indeksini hisoblash maqsadida, Jahon banki guruhi O‘zbekistonning 2021-yilgi Xarid qobiliyati pariteti (XQP) asosidagi Xalqaro taqqoslash dasturi (XTD)ni amalga oshirish jarayonini chuqur o‘rganmoqda. Shuningdek, Statistika agentligi tomonidan 2017-2021-yillar davomida qo‘llanilgan narxlarni kuzatish amaliyoti va uslubiyotini batafsil tahlil etmoqda.
Tomonlar narxlarni kuzatish bo‘yicha joriy amaliyot, 2017-2021 yillardagi narxlar haqidagi ayrim tarixiy ma’lumotlar, Statistika agentligida qabul qilingan iste’mol narxlari indeksini hisoblash uslubiyoti, shuningdek, narxlar o‘zgarishining kambag‘allik darajasiga ta’siri masalalarini muhokama etdilar.
Tomonlar bu boradagi hamkorlik va maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar.