2024-yilning 5-dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi a’zo davlatlar statistika idoralari rahbarlari Kengashining 71-yig‘ilishi videokonferensaloqa shaklida onlayn boʻlib oʻtdi.
Mazkur yig‘ilishda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlatlararo statistika qo‘mitasi, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi statistika idoralari rahbarlari qatnashib, kun tartibidagi masalalarni muhokama qildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligida markaziy apparat xodimlari ham onlayn ishtirok etdi.
Begalov Bahodir Abdusalomovich yig‘ilishda MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasining 2025-yilga mo‘ljallangan ish dasturidagi vazifalar ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olganligini va MDH mintaqasi statistika tizimlarining manfaatlariga mos kelishini ta’tidlab o‘tdi. Jumladan, O‘zbekistonning 2024-yilgi Xalqaro taqqoslash dasturida ishtirokini davom ettirish, MDH Statistika qo‘mitasi veb-saytining axborot platformasida O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangilash, 2026-yilda O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va shu kabi ustuvor yo‘nalishlar bilan o‘zaro mutanosibligi qayd etildi.
Shuningdek, yig‘lishda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlatlararo statistika qo‘mitasining 2025-yilga mo‘ljallangan ish dasturi, 2024-yilda “MDH statistikasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishlarning borishi va ushbu loyihaning 2025-yilga mo‘ljallangan ish rejasi, statistikada kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar jarayoni, 2025-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari statistika idoralari rahbarlari kengashiga raislik qilish masalasi va boshqa bir qator masalalar muhokama qilinib, tegishli vazifalar belgilab olindi.