Bugun, 5-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida Isteʼmol narxlari indeksini hisoblashda muqobil ma’lumot manbaalaridan foydalanish va integratsiya qilish bo‘yicha Belgiyaning Bryussel shahrida bo‘lib o‘tgan seminar natijalari yuzasidan taqdimot yig’ilishi bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur seminar joriy yilning 29–31-oktabr kunlari Bryussel shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YUNЕSЕ), Yevropa erkin savdo uyushmasi (EFTA) hamda Norvegiya Statistika tashkiloti va Shveysariya Federal statistika boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan.
Taqdimot yig‘ilishida Statistika agentligi Iste'mol narxlari statistikasi bo‘limi boshlig‘i Shaxnoza Ismailova seminar davomida o‘rganilgan yangi bilim va tajribalar, jumladan, iste’mol narxlari statistikasi bo‘yicha ma'lumotlarni yig‘ishning yangi usullari, skanerlash, ma’muriy ma’lumotlar va web-scraping usullari muhokama qilinganligi va ushbu yangi texnikalar taqdim etayotgan imkoniyatlar, shuningdek, ularni amalga oshirish bilan bog‘liq muammolar haqida ma'lumot berib o‘tdi.
Shu bilan birga, Belgiya seminarida ishtirokchilar o‘z g‘oyalarini o‘rtoqlashish va ularni amaliyotga tatbiq etish maqsadida guruh ishlari o‘tkazilganligi va xalqaro ekspertlar tavsiyalari asosida narxlar statistikasi bo‘yicha yangi muqobil ma’lumotlarni to‘plash va yuritish bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganilganligi haqida ma’lumotlar aytib o‘tildi.
Yig‘ilish mobaynida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berilib, mazkur mavzu yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.