Prezidentimiz tomonidan 2024- yilning yilning 4- mart kuni imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-114-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasida” respublikada aholini roʻyxatga olish 2025-2026- yillarda oʻtkazilishi belgilandi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida aholini roʻyxatga olishni 2026- yil 15- iyuldan 21- avgustgacha oʻtkazish toʻgʻrisidagi Prezident farmoni loyihasi eʼlon qilindi.
Loyihaga koʻra, aholini roʻyxatga olishga koʻmaklashish maqsadida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Respublika komissiyasi hamda hududiy komissiyalar tashkil etiladi.
2024-2026-yillarda Jahon bankining imtiyozli kredit mablagʻlari hisobidan aholini roʻyxatga olish uchun zarur texnik va dasturiy vositalar xarid qilinadi.
2025- yil 1-iyulga qadar masʼul idoralarga aholi punktlari va koʻchalar nomlari, uylar va hovlilarning toʻliq raqamlanganlik koʻrsatkichlarini oʻrnatishni yakunlash topshirildi.
Loyiha muhokamasi 6-noyabrga qadar davom etadi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston 1989- yildan buyon aholini roʻyxatga olmagan. Prezident Farmoniga muvofiq, aholini roʻyxatga olish 2022- yilda oʻtkazish rejalashtirilgan edi, ammo COVID-19 pandemiyasi tufayli 2023- yilga koʻchirilgandi.
Oʻtgan yilning noyabr oyida aholini elektron roʻyxatga olish oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi. Shu maqsadda, aholini roʻyxatga olishning maxsus sayti https://aholi.stat.uz joriy etildi, "Yangi Oʻzbekistonning bir qismi boʻl!" tadbirining logotipi va shiori tayyorlandi.