Joriy yilning 23- oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida “Statistik maʼlumotlarni ishlab chiqish jarayonlarini namunaviy modeli” (GSBPM – The generic Statistical Business Process Model) milliy modelini amaliyotga joriy etish doirasida navbatdagi seminar tashkil etildi.
Seminarda rasmiy statistika maʼlumotlarini shakllantirish va tarqatish jarayonlari bilan bogʻliq ishlab chiqish siklini baholash bosqichida respondentlarga hisobot yuklamasini monitoring qilish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.
Taqdimotda Statistika agentligi markaziy apparatining statistika hisoboti shakllarini yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilishga masʼul boʻlinmalar rahbarlari ishtirok etishdi.
Seminarda, respondentlarga hisobot yuklamalarining monitoringini tashkil etish boʻyicha Statistika agentligi markaziy apparati boʻlinmalari, hududiy statistika boshqarmalari va tuman (shahar) statistika boʻlimlarining vazifalari muhokama etildi.