Joriy yilning 23- oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligiga Yaponiyaning JICA xalqaro hamkorlik agentligining “O‘zbekiston Respublikasida energiya tejashni oshirish” loyihasi ustida ishlayotgan missiyasi tashrif buyurdi.
JICA (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi) missiyasi tarkibidagi Soitiro Hayasi, Yesixiko Kato, Teruo Hosokava, Kohey Kuvamori va Reta Hirose hamda boshqa mutaxassislar O‘zbekistonga mazkur loyiha uchun texnik, moliyaviy va iqtisodiy asoslarni tayyorlash maqsadida tashrif buyurishdi. Ular loyiha doirasida tadqiqotlar o‘tkazish va ma’lumotlarni to‘plash ishlarini amalga oshirishni rejalashtirishmoqda.
JICA missiyasi bilan uchrashuvda Sanoat va energetika statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Sardor Juraev va ushbu boshqarmaning mas’ul mutaxassislari Bekzod Yo‘ldoshev hamda Zayniddin Egamshukurov ishtirok etishdi. Tomonlar energetika statistikasini shakllantirish masalalarini, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining yoqilg‘i-energetika balansi, energiyani yuqori miqdorda iste’mol qiluvchi korxonalarning profillari va uni oqilona foydalanish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Tomonlar mazkur loyiha doirasida o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi.