Joriy yilning 21- oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining (ESKATO) Statistika bo‘limi direktori Reychel Biven boshchiligidagi delegatsiya o‘z faoliyatini boshladi.
Ma’lumot uchun: ESKATO O‘zbekistonni “Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi milliy statistika idoralarining 2030- yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibini qoʻllab-quvvatlash maqsadida rasmiy statistika uchun innovatsion katta maʼlumotlar manbalaridan foydalanish uchun institutsional salohiyatini kuchaytirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor mamlakat sifatida tanlagan.
ESKATOning Statistika bo‘limi direktori Reychel Biven hamda Katta ma’lumotlar bo‘yicha ekspertlari Erik Diben va Sergey Gusev ishtirokidagi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Baxodir Abdusalomovich Begalov raislik qildi. Shuningdek, yig‘ilishda Statistika agentligi direktori o‘rinbosari Ziyayev Zohidjon Muratovich va agentlikning markaziy apparat xodimlari ham ishtirok etishdi.
Loyiha doirasida ESKATO ekspertlari tomonidan Internet ma'lumotlari va Soliq qo‘mitasining EPOS ma'lumotlarini iste'mol narxlari indeksini (INI) tuzish jarayonlariga integratsiya qilish bo‘yicha metodologik ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, ma'lumotlar manbalari va ushbu integratsiyani samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishlov berish talablari qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Uchrashuv davomida statistika sohasida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining ESKATO tomonidan tashkil etilayotgan dasturlar va o‘quv seminarlarida ishtiroki masalalari muhokama qilindi.
Mazkur missiya Statistika agentligida 2024- yil 21-oktabrdan 25-oktabrga qadar faoliyat yuritadi.