Joriy yilning 19-mart kuni Statistika agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-mart kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-114-sonli qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-fevraldagi “Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-62-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida uchrashuv tashkil etildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi agentlik jamoasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Teshaboyev Toʻlqin Zakirovich boshchiligidagi universitet jamoasi qatnashdi.
Uchrashuvda Statistika agentligi direktori milliy statistika sohasida olib borilayotgan ochiqlik siyosati, statistika axborotlarining haqqoniyligi va shaffofligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda agentlik faoliyati haqida toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, 2020-yilning 1-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda statistika tizimini rivojlantirish, sohada mutaxassis-kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan berilgan alohida vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida, agentlik va universitet oʻrtasida “Memorandum” imzolangani taʼkidlab oʻtildi.
Hozirgi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Statistika ilmiy-amaliy laboratoriyasi” faoliyat yuritayotgani va bundan koʻzlangan asosiy maqsad – statistika sohasida kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatlidir. Talabalar uchun bu kabi ilmiy-amaliy imkoniyatlarni yaratib berish kelgusida statistika idoralari uchun salohiyatli kadrlarni yetishib chiqishi hamda mamlakatimiz taraqqiyotida munosib hissa qoʻshadigan ilmiy tadqiqotchi-olimlar safi kengayib borishiga zamin yaratadi.
Uchrashuvda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-fevraldagi “Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-62-sonli qarorining mazmun-mohiyati hamda universitet faoliyati haqida maʼlumot berib oʻtdi.
Taʼlim, fan va ishlab chiqarishning innovatsion hamkorligini amalga oshirish hamda ilmiy izlanuvchilar, bakalavriat, magistratura bosqichi talabalarining Statistika agentligida malakaviy amaliyotlarini samarali tashkil etishni yanada rivojlantirish lozimligi taʼkidlandi.
Ikki tomonlama hamkorlikda imzolangan memorandum doirasida belgilangan vazifalarning ijrosini sifatli taʼminlash va boshqa istiqbolli takliflar va ularni amalga oshirish mexanizmlari borasida kelishib olindi. Jumladan, Statistika agentligi bilan hamkorlik qilayotgan xalqaro moliyaviy va iqtisodiy tashkilotlarning ekspertlari va agentlikning malakali mutaxassislarini oʻquv jarayonlariga jalb etish, taʼlim va amaliyot oʻrtasidagi integratsiyani taʼminlash masalalari alohida muhokama qilinib, tegishli masʼullarga topshiriqlar berildi.
Statistika agentligi rahbari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidan kelgan mehmonlarga agentlikda tashkil etilgan “Statistika muzeyi”ni koʻrsatib, atroflicha maʼlumot berib oʻtdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Teshaboyev Toʻlqin Zakirovich “Statistika muzeyi”dagi faxriy mehmonlar daftariga oʻz taassurotlarini yozib qoldirdi.