Joriy yilning 22- dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunlarning mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Unda Agentlikning markaziy apparati xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida bo‘lim yetakchi yuriskonsulti Orifjon Soliyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonunning maqsadi rasmiy statistika sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Shuningdek, qonunda belgilangan agentlikning rasmiy statistika sohasidagi vakolatlari va vazifalari borasida so‘z yuritildi.
Jumladan, ushbu qonunning 27-moddasida rasmiy statistikani tayyorlovchilar tasarrufidagi mavjud individual ma’lumotlardan faqat statistika maqsadlarida, jamlanma statistika ma’lumotlarini shakllantirish uchun foydalanish belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, qonunga ko‘ra, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar tomonidan individual ma’lumotlardan tergov, nazorat qilish, sud muhokamasi, ma’muriy qarorlar qabul qilish maqsadida yoki jismoniy va yuridik shaxslarga yoki uy xo‘jaliklariga taalluqli boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin emas.