17/11/2023

Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir. Bu yil mustaqil O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligiga 32 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan Navoiy viloyati statistika boshqarmasida Ma'naviy-ma'rifiy ishlar” bo'yicha mas'ul xodim Go‘zal Norqulova tomonidan seminar tashkil etildi.

Barchamizga ma’lumki, 1991-yil 18-noyabrda "Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi toʻgʻrisida"gi qonunning qabul qilinishi bilan mamlakat davlat suverenitetining ramzi – bayrogʻimiz tasdiqlangan. Oʻzida juda katta maʼno-mazmunni mujassam etgan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, oʻzida butun Oʻzbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni, ajdodlar yodi hamda millat gʻururini mujassam etgan bayrogʻimiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovordir.

Bayroqdagi moviy rang – tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obi-hayot ramzi. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrogʻining rangi ham moviy rangda edi. Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi boʻlib, u kun charogʻonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq rang – poklik, begʻuborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki goʻzallikka intilishning timsoli.

Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar – vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Ayni paytda u qoʻlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham. Yulduzlar barcha uchun ilohiy timsol sanalgan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻidagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning oʻn ikki yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz Oʻzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.

 

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech