Joriy yilning 15-noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Begalov Bahodir Abdusalomovich talabalarga “Mamlakatimizda olib borilayotgan raqamlashtirish jarayonlari” mavzusida ochiq dars oʻtib berdi.
Ochiq dars avvalida, Bahodir Begalov milliy statistika sohasida olib borilayotgan ochiqlik siyosati, statistika axborotlarining haqqoniyligi va shaffofligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalariga qilingan taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini takomillashtirishda ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, jumladan, axborotlarni yigʻish va qayta ishlash jarayonlarini avtomatlashtirish, statistik va tahliliy maʼlumotlarni interaktiv koʻrinishda qisqa muddatlarda izlash hamda qulay shaklda olish borasida batafsil maʼlumot berib oʻtildi.
Ochiq dars davomida statistika faoliyatiga raqamli texnologiyalarni samarali va optimal joriy qilishning ilmiy asoslari, e-Stat 4.0 avtomatlashtirilgan axborot tizimining imkoniyatlari, tanlanma statistik kuzatuvlariga raqamli texnologiyalarni joriy etilishi, aholini roʻyxatga olish jarayonlarini avtomatlashtirish, “Statistika” integrallashgan axborot tizimi hamda Oʻzbekistonning ochiq maʼlumotlar sohasida erishgan yutuqlari borasida ham maʼlumot berildi.
Tadbir yakunida talabalarning qiziqtirgan savollariga Statistika agentligi rahbari B. Begalov hayotiy misollar orqali atroflicha javob berdi.
Savol-javoblarda faol qatnashgan talabalarga statistik toʻplamlar sovgʻa qilindi.