Joriy yilning 2-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi xodimining Qozog‘istonning Olmaota shahrida Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Kavkaz, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston davlatlari uchun salohiyatni rivojlantirish mintaqaviy markazi tomonidan “Resurslar va ishlatilish jadvallari” mavzusida tashkil etilgan mintaqaviy seminardagi ishtiroki natijalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda ushbu mintaqaviy seminarda ishtirok etgan Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi Yashirin iqtisodiyotni statistik baholashni muvofiqlashtirish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Bunyodbek Bakirov xizmat safari davomida olgan bilim va ko‘nikmalari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Taqdimot ishtirokchilariga “Resurslar va ishlatilish jadvallari”, “Xarajatlar va ishlab chiqarish” jadvallarining shakllantirilishi, ularning milliy hisoblar bilan muvofiqligi, hisob-kitoblarda ushbu jadvallarning qo‘llanilishi hamda rivojlangan mamlakatlar tajribalari haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, taqdimot jarayonida mintaqa davlatlarida “Resurslar va ishlatilish jadvallari”, “Xarajatlar va ishlab chiqarish” jadvallarini shakllantirishning hozirgi holati haqida to‘xtalib o‘tildi hamda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.