Avval xabar berganimizdek, 2023- yilning 18–29-sentabr kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vashington shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasining Statistika boshqarmasi tomonidan “Milliy hisoblar statistikasi” mavzusida chuqurlashtirilgan darajadagi o‘quv kursi tashkil etilgan edi.
Joriy yilning 5- oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida Vashington shahrida tashkil etilgan mazkur o‘quv kursi yakunlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi Yashirin iqtisodiyotni statistik baholashni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Ziyoda Kamilova tomonidan institutsional birliklar va sektorlarni aniqlash, narx va hajm ko‘rsatkichlari, resurslar va ishlatilish jadvallarini shakllantirish, asosiy kapital iste’moli va zaxiralardagi o‘zgarishlarni baholash hamda Milly hisoblar tizimi – 2008 ning yangi tahriri uchun kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha olingan bilim va ko‘nikmalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.