Joriy yilning 26–28- sentabr kunlari Latviyaning Riga shahrida Yevropa Komissiyasi statistika xizmati Yevrostat tomonidan Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasi (EFTA) va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YIK) bilan birgalikda Yevropa Qo‘shnichilik Siyosati dasturi doirasida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun statistika idoralarining “Statistika tizimini modernizatsiya qilish” mavzusida yuqori darajadagi seminar tashkil etildi.
Statistika idoralarining ushbu nufuzli yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori o‘rinbosari Ikromov Agzam Anvardjonovich boshchiligidagi delegatsiya vakillari ham ishtirok etdi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan seminarda so‘nggi yillardagi islohotlar, innovatsiyalar va statistika tizimini modernizatsiya qilish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Seminar davomida Statistika agentligi delegatsiya vakillari Agzam Ikramov va Ulugbek Noipov O‘zbekistonda so‘nggi yillarda milliy statistika tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar va rejalar haqida tadbir qatnashilarini tanishtirib o‘tishdi.
Shuningdek, Statistika agentligi delegatsiyasi BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YIK) vakillari, Latviya Markaziy Statistika Byurosi, Tojikiston va Qozog‘iston Respublikasi statistika idoralari vakillari bilan tajriba almashishdi va kelgusidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.